Izomov Xayri

Izomov Xayri (1922.30.12, Buxoro) — kompozitor, dirijyor, sozanda (g’ijjak). O’zbekistonda xizmat ko’rsatgan san’at arbobi (1974). Toshkent konservatoriyasini (1952) tugatgan. 2-jahon urushi qatnashchisi (1942-45). O’zbekiston radiosida musiqa tahririyati mudiri, o’zbek xalq cholg’u asboblari orkestrida dirijyor (1950-55), O’zbekiston televideniesi va radiosida bosh badiiy rahbar (1955-64), o’zbek xalq cholg’u asboblari orkestri dirijyori (1966 yildan). Afg’oniston radiosida musiqa maslahatchisi (1964-66). Ijodida qo’shiq janri asosiy o’rin tutadi. «Toshkent osmoni», «shonli yelim», «yangi Toshkent haqida qo’shiq» kabi qo’shiklari zamonaviy intonatsiya bilan boyitilgan. «Kim o’zi», «kimga aytay», «ko’zi Xumor» va hokazolar lirik qo’shiqlari tanilgan. «O’zbekcha syuita» (1953), «O’zbekiston poemasi» (1953), «O’zbekiston quyoshi ostida» xoreografik syuitasi (1962), «O’zbekiston paxtasi» syuitasi (1961), dramatik spektakl, bolalar, qo’g’irchoq teatrlari spektakllariga musiqa, «tokkata», «noktyurn», «musika javoni» kabi fortepiano asarlari muallifi. «El-yurt hurmati» ordeni bilan mukofotlangan (2000).