Izolyatsiya

Izolyatsiya (Fransuzcha isolation — ajratish, tarqatish) (biologiyada) — bir necha turga yoki bir turning har xil populyatsiyasiga mansub organizmlarning erkin chatishuviga to’sqinlik qiladigan to’siqlar paydo bo’lishi. Izolyatsiya evolyusiya omillaridan biri bo’lib, uzoq vaqt davom etganida bir turga mansub organizmlar o’rtasida irsiy jihatdan farq qiladigan belgilarning vujudga kelishi va mustahkamlanishiga, binobarin, tur hosil bo’lishiga olib keladi. Tabiatda Izolyatsiya 2 xil: geografik (fazoviy) va biologik shakdda namoyon bo’ladi. Izolyatsiya Yer yuzining relefi va iqlimi bilan bog’liq (masalan, suv havzalari quruqliqda, tog’lar vodiyda, vodiylar tog’da, quruqlik esa suvda yashovchi turlarning tarqalishi va erkin chatishuviga to’siq bo’ladi). Geografik Izolyatsiya inbridingni kuchaytirib, allopatrik tur hosil bo’lishiga olib keladi. Izolyatsiya ko’pincha inson faoliyati (ovlash, o’rmonlarni kesish, qo’riq yerlarni o’zlashtirish, kanallar qazish) bilan bog’langan bo’ladi. Biologik Izolyatsiya chatishuvga yoki chatishishdan so’ng urug’lanish sodir bo’lishiga to’sqinlik qiladigan mexanizmlar bo’lishi bilan bog’liq. Biologik Izolyatsiya ekologik, etologik, morfofiziologik, fiziologik va genetik Izolyatsiyaga ajratiladi. Etologik, ya’ni biotopik Izolyatsiya chatishadigan individlarning har xil biotoplarda yashashi tufayli kam uchrashuvi yoki umuman uchrashmasligiga aloqador bo’lib, simpatrik tur hosil bo’lishiga olib kelishi mumkin. Etologik Izolyatsiya chatishadigan organizmlarning xulq-atvori o’rtasidagi, morfofiziologik Izolyatsiya — ko’payish organlari tuzilishidagi, fiziologik Izolyatsiya — ko’payish muddatlari, genetik Izolyatsiya — irsiy mexanizmlarning tuzilishi o’rtasidagi farq tufayli ro’y beradi. Genetik Izolyatsiya zigotaning qalok bo’lishiga, qisman yoki batamom steril gibridlarning paydo bo’lishiga, shuningdek, yashovchanligining kamayishiga olib keladi.