Ijtimoiy mehnat taqsimoti

Ijtimoiy mehnat taqsimoti — ijtimoiy mehnatning mustaqil vazifalarni bajaruvchi mehnat turlariga ajralishi, ya’ni mehnat faoliyati turlarining alohidalashuvi. Umuman jamiyatda mehnat taqsimoti asosida faoliyatni ayirboshlash yotadi va har bir mehnat turi aniq bir mahsulotni yoki uning bir qismini yaratishga ixtisoslashadi. Faoliyat turlari bo’yicha mehnat taqsimotining umumiy, xususiy va yakka ko’rinishlari bor. Umumiy mehnat taqsimoti — jamiyat miqyosida yirik mehnat turlarining bir-biridan ajralib, mustaqil yirik sohalarga bo’linishi (sanoat, qishloq xo’jalik, transport va aloqa, qurilish, xizmat ko’rsatish va hokazolar). Xususiy mehnat taqsimoti — xalq xo’jaligining yirik sohalari ichida tarmoqlarning (qishloq xo’jaligida dehqonchilik, chorvachilik, bog’dorchilik, sanoatda esa undirma va ishlov berish, og’ir va engil sanoat, mashinasozlikda esa avtomobilsozlik, traktorsozlik, samolyotsozlik, stanoksozlik kabi tarmoqlar) vujudga kelishi. Yakka mehnat taqsimoti — korxona, birlamchi xo’jalik sub’ekti doirasida bo’ladigan mehnat taqsimoti bo’lib, bunda alohida bir mahsulot, mahsulotning tarkibiy butlovchi qismlarini ishlab chiqarish bo’yicha ixtisoslashgan mehnat turlari ajralib, alohidalashadi. Jamiyat taraqqiyoti tarixida birinchi yirik Ijtimoiy mehnat taqsimoti mehnat unumdorligining o’sishi bilan bog’liq bo’lib, uning natijasida jamiyatda faqat aqliy yoki jismoniy mehnat bilan shug’ullanadigan katta-katta guruhlar, sinflar (masalan, qullar va quldorlar) ga bo’linish vujudga keldi. Ishlab chiqaruvchi kuchlarning o’sishi asosida ikkinchi yirik Ijtimoiy mehnat taqsimoti yuz berdi — hunarmandchilik dehqonchilikdan ajrab chiqdi va bu bilan shaharning qishloqdan ajralib chiqishi boshlandi. Hunarmandchilikning dehqonchilikdan alohidalashuvi natijasida tovar ishlab chiqarish yuzaga keldi. Ayirboshlashning kuchayishi bilan uchinchi yirik Ijtimoiy mehnat taqsimoti — savdoning sanoatdan ajralishi yuz berdi. Mashinalashgan industriyaning paydo bo’lishi va rivojlanishi bilan Ijtimoiy mehnat taqsimotida sanoatning mavqei o’sib va yanada chuqurlashib bordi. Kapitalizmning rivojlanishi xalqlarning xo’jalik yuritishdagi yaqinlashuviga, xalqaro mehnat taqsimotining paydo bo’lishiga sharoitlar yaratdi. Jahon hamjamiyati mamlakatlari o’rtasida xalqaro mehnat taqsimoti Ijtimoiy mehnat taqsimotining hozirgi davrdagi eng takomillashgan va barcha mamlakatlarni qamraydigan shaklidir. Xalqaro iqtisodiy integratsiya Ijtimoiy mehnat taqsimoti asosida vujudga kelib, iqtisodiy qoloklikni va xo’jalik taraqqiyotidagi biryoqlamalikni bartaraf etish va farovonlikni ko’tarishga xizmat qiladi. Ijtimoiy mehnat taqsimoti iqtisodiy qonun bo’lib, unga binoan mehnat turlari uzluksiz ravishda bir-biridan ajralib, yangilari vujudga kelib, ixtisoslashuv yuz beradi va uning unumdorligi ortib boradi. Mehnat taqsimoti va uning asosida ixtisoslashuv natijasida mahsulot ayirboshlash yuz beradi, uning rivojlanishi esa bozor munosabatlarining shakllanib, rivojlanishiga olib keladi. Hasan Abulqosimov.