Iloq

Iloq (Carex physodes) — hiloldoshlar oilasiga mansub ildizpoya ko’p yillik o’t. Bo’yi 15-20 santimetr, poyasi uch qirrali, barglari ensiz, gullari ko’rimsiz. Mevasi qo’ng’ir. Ildizpoyasi 10— 20 santimetr chuqurlikka joylashib, har 10-20 santimetrdan poya chiqaradi. Shuning uchun ildizpoyasining boshlangan va tugagan joyini topish qiyin. Iloq qalin va chigal to’r ildiz hosil qilib, qumni ko’chmaydigan qiladi. O’rta Osiyodagi barcha qumli cho’llarda har xil buta va o’tlar bilan birga poyonsiz Iloq zorlar hosil qiladi. Iloq Fevralda ko’karib, martda gullaydi, mayda urug’i pishib, poya va barglari quriydi. Iloq, asosan, vegetativ yo’l bilan ko’payadi. Iloq to’yimli ozuqa, tarkibida (gullash davrida) 20% cha oqsil, 3,1% moy, 24,4% kletchatka bo’ladi. Qizilqum o’tloqlarida Iloq qo’ylar bahorgi ovqatining 85% ini, yozdagisining 70% ini tashkil qiladi.