Inadaptatsiya

Inadaptatsiya (lotincha in — inkor qo’shimchasi va adaptatsiya) — organizmlar ayrim guruhlarining o’zgargan muayyan muhit sharoitiga moslashmaganligi. Evolyutsiya jarayonida paydo bo’lgan, lekin mukammallashmagan organlarning bo’lishi keyinchalik in-adaptiv organizmlarning qirilib ketishiga sabab bo’ladi. Inadaptatsiyaga misol tariqasida ko’pchilik tuyoqli sut emizuvchilar skeleti, xususan, bo’g’imlarida harakatlanish usulining o’zgarishi bilan paydo bo’lgan mukammallashmagan o’zgarishlarni ko’rsatish mumkin. Inadaptatsiya terminini rus paleontologi V. O. Kovalevskiy fanga kiritgan (1873). U qazilma holda topilgan tuyoqlilarning oyoq skeletini adaptiv (moslashgan) va inadaptiv (moslashmagan) tiplarga ajratgan. Dastlab inadaptiv, keyinroq adaptiv tipga ega organizmlar paydo bo’lgan. Keyinchalik 1-tipdagi organizmlarni adaptiv organizmlar siqib chiqargan. Masalan, bo’r davrida xaltali sut emizuvchilar keng tarqalgan, keyinchalik paleogen va neogen davrlarida ularni deyarli hamma joyda (Avstraliya, Janubiy Amerikadan tashqari) ancha mukammal tuzilgan yo’ldoshlilar siqib chiqargan.