Inertsiya nima degani?

U yoki bu narsa-buyumni sudrab tortishsa yoki itarishsa, u o’z harakatini o’zgartiradi (yoki unda qandaydir o’zgarish yuz beradi), bunday paytda, unga nisbatan kuch ishlatildi, deyishadi. Deylik, siz yerda og’ir bir yog’ochni mushaklaringizni ishga solib sudrab tortib ketyapsiz. Qo’lingizni bo’shashtirganingiz zahoti yog’och o’z joyida to’xtab, qimir yetmay turib qoladi. Biroq siz xuddi shu yog’ochni sudrash o’rniga oldinga tomon dumalatib ketyapsiz, deylik. Bunday holda yog’ochni oldinga qarab harakatlantirmasangiz ham u bir oz muddat o’z-o’zicha dumalab olga siljiydi. Bu qanday yuz beradi? Bunday hodisani ilk marta Isaak Nyuton tushuntirib berdi. Nyuton — kuch haqidagi nazariyaning asoschisi, mashhur Nyuton qonunlarining muallifidir. U fanga birinchi bo’lib «inertsiya» tushunchasini kiritdi. Inertsiya har qanday jismga xos bo’lib, jismga ta’sir etuvchi kuch to’xtaganidan keyin ham uni harakatga majburlaydi. Bunday holatda, agar qarshilik ko’rsatish kuchi bo’lmasa, ta’sir etuvchi kuch to’xtaganidan keyin ham jism to’g’ri chiziq bo’ylab o’sha tezlikda harakatini davom ettiradi. Jism boshqa bir qarshi kuchga duch kelmagungacha harakatdan to’xtamaydi. Inertsiya nimaligini his qilish uchun siz uni o’zingizda sinab ko’rishingiz mumkin. Masalan, siz tushgan avtobus keskin to’xtatildi deylik. Shunda sizning gavdangiz, harakatini to’xtatmaslikka chog’lanib, oldinga silkinadi. Endi markazdan qochma kuch to’g’risida gaplashaylik. So’z boshidayoq ta’kidlab aytamizki, bunday kuchga biz amalda ko’p duch kelganmiz. Masalan, qiyshiq traektoriya bo’ylab harakatlanayotgan jismni kuzatib turib, markazdan qochma kuchning natijasini albatta payqaymiz. Siz o’sha avtobusda o’tiribsiz deylik, avtobus birdan burchakka qarab qayriladi. Bunday damda siz o’rindiqdan uchib ketib, yo’lakka ag’darilib tushgan bo’lsangiz ham, ajab emas. Sizni hech kim turtib yiqitgani yo’q: lekin siz shunchaki markazdan qochma kuchning ta’siriga tushib qoldingiz, xolos. Bunday kuchning tabiatini «inertsiya» tushunchasi yordamidagina tushuntirish mumkin. Hamma gap shundaki, avtobus qayrilganda sizning tanangiz avvalgi yo’nalishda to’g’ri chiziq bo’ylab harakatlanishga chog’lanib, doira chizig’idan tashqariga intiladi. Avtobus qayrilishda hosil qilgan xalqa esa shu doira chizig’ining bir bo’lagidir. Shuni esda tutingki, markazdan qochma kuch narsa-buyumni aynan shu yo’nalish bo’ylab harakatlantiradi. Shu sababli, velosipedni o’ngga yoki chapga bura turib, o’zingiz ham xuddi shu tomonga egilasiz. Shu yo’sinda markazdan qochma kuchni o’zingizga muvofiq holga keltirib, velosipedingizni ag’darilib ketishdan saqlab qolasiz.