INFRATOVUSH

INFRATOVUSH (lotincha infra — quyi, past, ostida) — inson qulog’iga eshitilmaydigan past chastotali (chastotalari 16 Gts dan past bo’lgan) elastik to’lqinlar. Yer yuzida Infratovush hosil qiluvchi manbalar xilma- xil (masalan, chaqmoq chaqishi, tog’lar ko’chishi, o’rmon va dengizning shov-shuvi, shamol guvullashi va hokazolar). Infratovush muhitda juda kam yutiladi, shuning uchun u havo, suv va yer yuzida juda uzoq masofalarga tarqaladi. Infratovushning bu xususiyatlaridan, masalan, atmosferaning yuqori qatlamlarini, yer po’stini tadqiq qilishda, kuchli portlashning uzoqligini va dengizlarda kuchli to’lqinlar tarqalayotgan manba uzoqligini aniqlashda foydalaniladi. Infratovushni o’lchashda maxsus asboblar — mikrofon, gidrofon, geofon yoki vibrator ishlatiladi.