IPOXONDRIYA

IPOXONDRIYA (Yunoncha hupochon drion — qovurg’alar osti, biqin), Ipoxondriya sindromi — ruhiy holat; o’z sog’lig’iga va umuman hayotiga haddan tashqari shubha bilan qarash, biror kasalligi bo’lsa, oshirib yuborish va o’zida yo’q kasallikni bor deb bilish. Ipoxondriya kishi xarakterining bir xususiyati yoki endi boshlangan biror ruhiy kasallik ifodasi bo’lishi mumkin. Ipoxondriyada bemor tanasining turli qismlarida biror xastalikka «taalluqli» (masalan, qichima, og’riq, yurak o’ynashi) noxush hislar seza boshlaydi va butun diqqatini shunga qaratadi; shifokorning hech qanday kasalingiz yo’q deganiga ishonmay, boshqa mutaxassisga ko’rsatadi va uni tezroq tuzatish choralarini ko’rishga undaydi. Ipoxondriya ko’pincha o’lim va tuzalmaslik xavfi bilan kechadi. Ipoxondriyada «xastalik» belgilari nihoyatda turli-tumanligi, haqiqatdan yiroqligi bilan ajralib turadi va bunga nisbatan ularda tanqid yo’qolgan bo’ladi. Bemorlar o’ta bezovta bo’lib, turli soha vrachlari, tabiblar va hokazolarga murojaat etadi, o’zlaridagi «xastalik» belgilarini nihoyatda ko’pirtirib ko’rsatadi, tezroq tuzatish tadbirlarini ko’rishga qistaydi, yig’laydi va hokazolar. Ko’pincha ular o’zlarini xavfli o’sma (rak), sil, oq qon (leykoz), yurak kasalliklari bilan og’rigan qilib ko’rsatishadi. Ipoxondriya shilqimliq depressiv, Paranoyal va paranoid sindromlari ko’rinishida kechadi. Ipoxondriya nevroz, shizofreniya va hokazo kasalliklarda uchraydi.