IQLIM BONITETI

IQLIM BONITETI (lotincha bonitas -yaxshi sifatli, asl) — iqlimga bog’liq unumdorlikni baholash. Absolyut (hosildorlik kabi tsentner/gektar) yoki nisbiy kattaliklar (ballar) bilan ifodalanadi. Iqlim boniteti hududning iqlim resurslarini qishloq xo’jalik ekinlarini o’stirishga qulaylik darajasiga qarab taqqoslashga imkon beradi va tuproqni qiyosiy baholash bilan birgalikda tabiiy sharoitlarning turli tuproq-iqlim zonalarida iqtisodiy samaradorligi darajasini ko’rsatuvchi muhim tavsifnomasi hisoblanadi. Iqlimni baholashning bir qator usullari ishlab chiqilgan. Bu usullar o’simlikning hosildorligini issiqlik va nam resurslari bilan bog’lab va ularni o’simlikning haqiqiy va potentsial biologik mahsuldorligiga qarab baholashni nazarda tutadigan miqdoriy munosabatlarga asoslanadi. Rus olimi D. I. Shashko taklif etgan iqlim unumdorligini baholash usuli keng qo’llaniladi. Dehqonchilik tarmoqlarida iqlimning haqiqiy unumdorligini baholashda resurslardan foydalanish koeffisienti qo’llaniladi. Bu koeffitsient, masalan, g’o’zaning rivojlanishi uchun zarur bo’lgan 10° dan yuqori ko’p yillik o’rtacha haroratlar yig’indisini haqiqiy harorat yig’indisiga nisbati bilan ifodalanadi. Hisoblar namlik optimal sharoitlarda ekinning potentsial hosildorligi haqiqiy hosildorlikka nisbatan 2-3 marta ko’pligini ko’rsatadi. Bu esa katta energetika rezervlaridan rasional foydalanish uchun agrotexnika tadbirlar majmui bilan birga o’simliklarning Quyosh yorug’ligini fotosintezlashda hozirgi o’rtacha 3% ga nisbatan foydali ish koeffitsienti yuqori bo’lgan yangi navlarini yaratish zarurligini taqozo etadi. Hamid Abdullayev.