IQTISODIY HUQUQ VA ERKINLIKLAR

IQTISODIY HUQUQ VA ERKINLIKLAR — insonning iqtisodiy sohadagi yuridik imkoniyatlarini belgilovchi konstitusiyaviy huquqlar majmui. Mazkur imkoniyatlarning xarakteri va mohiyati pirovard oqibatida muayyan jamiyatdagi iqtisodiy, ijtimoiy va siyosiy tuzumni belgilab beradi. Hozirgi demokratik davlatlarda asosiy Iqtisodiy huquq va erkinliklar sirasiga xususiy mulkchilik xuquqi, jumladan, yerga va akliy mehnat mahsulotlariga Xususiy mulkchilik huquqi, meros huquqi, erkin tadbirkorlik (xo’jalik sohasida tashabbuskorlik) huquqi, mehnat huquqi va mehnatga oid boshqa huquqlar, xususan ishsizlikdan muhofaza qilinish, korxonani boshqarishda ishtirok etish va hokazolar kiradi. O’zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi (36-37-moddalar) va mehnat haqidagi qonunlari har bir shaxsga o’z mehnat qobiliyatidan foydalanishni kafolatlaydi, fuqarolarning iqtisodiy jihatdan har qanday majbur qilinishini va mehnat haqi to’lashda kamsitilishini taqiqlaydi. Ayni vaqtda iste’molchi huquqlarining ustuvorligini, mulkdorlikning barcha shakllari muhofaza etilishini kafolatlaydi.