Iqtisodiyot nazariyasi

Iqtisodiyot nazariyasi – iqtisodiyotning qonun-qoidalari, tushunchalari va rivojlanish tamoyillarini o’rganuvchi umumiqtisodiy va nazariy fan. Iqtisodiyot nazariyasi xorij mamlakatlarida «Ekonomiks», «Ekonomika» va «siyosiy iqtisod» nomlari bilan, MDH mamlakatlarida «Iqtisodiyot nazariyasi» nomi bilan yuritiladi. Iqtisodiyot nazariyasi iqtisodiyotni umumiy jihatidan va har bir iqtisodiy tizimga tadbiqan o’rganadi, iqtisodiy hodisalarni mikro va makro hamda jahon iqtisodiyoti darajasida tahlil etadi. Bu fan O’zbekistonda «iqtisodiy bilim asoslari» sifatida maktablarda, «Iqtisodiyot asoslari» sifatida kollej va akademik litseylarda va «Iqtisodiyot nazariyasi» sifatida oliy o’quv yurtlarida o’rganiladi. Iqtisodiyot nazariyasining predmeti kishilarning cheklangan iqtisodiy resurslar sharoitida muqobil xo’jalik yuritish asosida o’z ehtiyojlarini qondirishga qaratilgan xatti-harakatlari, ularni belgilovchi iqtisodiy shartsharoitlar xisoblanadi. Bu fan xo’jalik yurituvchi sub’yektlarning (firmalar, xonadon, ayrim individ va davlat) iqtisodiy xatti-harakatlarini yaxlitlikda o’rganadi. Uning tadqiqot ob’yekti iqtisodiy hodisalar bo’lib, ular ishlab chiqarish, ayirboshlash, taqsimot va iste’mol sohasida yuz beradi. Tabiiy sharoit — bu iqlim, tuproqning tuzilishi, yer osti boyliklarining miqdori, o’simlik va hayvonot dunyosidan, odamlarning ish qobiliyatidan iboratki, bu omillar iqtisodiy faoliyatga ta’sir etmay qolmaydi. Iqtisodiyot nazariyasi o’z predmetini bir qator uslubiy tamoyillarni qo’llagan holda o’rganadi: barcha iqtisodiy hodisalarning yaxlitligini, iqtisodiy tizim hosil etishini, bu tizimda ulardan har biri o’z o’rniga ega bo’lishini, ular bir-biriga ta’sir etishini nazarda tutadi; iqtisodiy voqelikni qotib qolgan holda emas, balki rivojlanishda va yangilanishda olib qaraydi, bir voqelik o’rniga boshqasi yuzaga kelishi, shaklan eski hodisalarda yangi mazmun bo’lishini hisobga oladi; insonning xo’jalik faoliyatiga nafaqat iqtisodiyot, balki tabiat qonunlari ham ta’sir etishiga e’tibor beradi. Tabiat kishilik jamiyati bo’lmasada, mavjud bo’laveradi, lekin jamiyat tabiatdan tashqarida bo’la olmaydi, chunki u tabiat resurslarini ishlatish bilan bog’liq tabiat iqtisodiyotning moddiy asosi; iqtisodiyotdagi o’zgarishlar tabiatdagi o’zgarishlarga qaraganda g’oyat tez boradi, shu sababli iqtisodiyotning rivojlanish qonunlari doimo o’zgarib turadi; tabiiy hodisalar kishilar ishtirokisiz o’z-o’zidan yuz bersa, iqtisodiy hodisalar kishilar faoliyati orqali yuz beradi, ammo bu faoliyatni ob’yektiv sharoit taqozo etadi; iqtisodiyot nazariyasi texnologiyani bevosita o’rganmasada, uning iqtisodiyotga ta’sirini chetlab o’tmaydi, aksincha, hisobga oladi. U texnika-texnologiyani joriy etish yoki etmaslikning iqtisodiy chegaralarini nazariy asoslaydi; iqtisodiyotni sof holda emas, balki unga ijtimoiy-siyosiy, ruhiy-axloqiy, milliy-demokratik omillar ta’sirini inobatga olib o’rganadi. Iqtisodiyot — ijtimoiy hayotning bir qismi, shuning uchun jamiyat ham uning ta’siridan xoli emas. Iqtisodiyot nazariyasi siyosatni o’rganmasada, uning iqtisodiyotga ta’siri bilan shug’ullanadi, chunki to’g’ri tanlangan siyosat iqtisodiyotga ijobiy, aksincha bo’lganda esa unga salbiy ta’sir o’tkazadi. Iqtisodiy vaziyatni hisobga oladigan, shu vaziyatda qonunlarning amal qilishi, binobarin, iqtisodiy zarurat mavjudligini, uni yuzaga chiqarish chora-tadbirlarini belgilovchi siyosat iqtisodiy rivojlanishga faol ta’sir etadi. Shu ma’noda iqtisodiyotni siyosatning ilmiy asosi deb hisoblash mumkin. Iqtisodiyot nazariyasi iqtisodiyotdagi turli hodisalar, jarayonlarni o’rganganda ular qonun-tushunchalar darajasida ilmiy jihatdan yzohlab beriladi. Iqtisodiy tushunchalar — iqtisodiyotni o’rganishda qo’llaniladigan nazariy bilimlar bo’lib, ular real iqtisodiy voqelikning ilmiy ifoda etilishidir. Ular 2 guruhga bo’lib o’rganiladi: umumiqtisodiy tushunchalar — iqtisodiy taraqqiyotning hamma bosqichlariga xos tushunchalar, masalan, mehnat, ishlab chiqarish, mahsulot, ish kuchi, resurs kabilar. Ayrim ijtimoiy-iqtisodiy tizimga xos tushunchalar, masalan, pul, talab, taklif, baho, kredit, emissiya, inflyatsiya kabilar ayrim tizimga xosdir. Iqtisodiyot nazariyasida iqtisodiy jarayon va hodisalarning belgilarini umumlashtirish asosida iqtisodiy qonunlar ta’riflanadi. Iqtisodiyot nazariyasining eng asosiy tahlil usuli — bu abstraktsiyalash (mavhumlashtirish) asosida xulosalar chiqarishdir. G’arbdagi «Ekonomiks» mualliflari R. Makkonnell va L. Bryu yozishicha, nazariya — bu laboratoriya fani emas. Shu sababli nazariyada ilmiy abstraktsiyalash usuli bosh o’rin tutadi. Bu usul — iqtisodiy hodisalarni ularga ta’sir etuvchi o’tkinchi, ikkinchi darajali faktlardan xoli etgan tarzda tahlil etib, nazariy umumlashtirish, ilmiy xulosalar chiqarishdir. Bu usul iqtisodiy hodisalarning tabiatini bilish, ularga xos qonuniyatlarni ochish imkonini beradi. Abstraktsiyalash asosida tushunchalar va qonunlar ta’riflanadi, ular ilmiy muomalaga kiritiladi. Abstraktsiyalash yuz berganda iqtisodiyotga oid asosiy, muqim, doimo yuzaga chiqib turadigan faktlar ajratib olinadi, ular o’rtasidagi bog’lanish aniqlanadi. Bularning hammasi tafakkur orqali bajariladi. Abstraktsiyalash bo’lmasa g’oyat ko’p, tartiblanmagan faktlar orasida o’ralashib qolib nazariy xulosa qilib bo’lmaydi. Abstraktsiyalash — bu iqtisodiyotning nazariy modelini yaratishdir. Nazariyada induktiv usul qo’llanilganda ayrim hodisalarni o’rganishdan ularni umumlashtirib, xulosalar chiqarishga o’tiladi. Deduktiv usul qo’llanilganda umumiy xulosalardan xususiy xulosalarga, umumiylikdan aniqroq hodisalarga o’tiladi. Iqtisodiyot nazariyasida tarixiy va mantiqiy usullar ham bor. Tarixiy usul hodisalarni rivojlanishda olib qaraydi. Mantiqiy usul turli hodisalarning ichki mantiqiy aloqalarini anikdab, umumiy xulosa chiqarishda qo’llanadi. Iqtisodiyot nazariyasida miqdoriy va sifat tahlili birgalikda qo’llaniladi. Miqdoriy taxlil yuz berganda iqtisodiy — matematik modellashtirish ham ishtirok etadi. Bunda iqtisodiy o’zgarishlar mikdoran taxlil etiladi, ular o’rtasidagi aloqa bog’lanishlar ham miqdoran o’lchanadi, ularning naqadar o’zgarishi baholanib, prognozlar ishlab chiqiladi. Bu usul yordamida iqtisodiy modellar yaratiladi. Iqtisodiyot nazariyasida gipoteza va paradigmalar qo’llanadi. Ilmiy paradigma bu Iqtisodiyot nazariyasida qabul qilingan taxlil usullariga tayangan holda hal etiladigan muammoni qanday yechimi bo’lishini belgilashdir. Iqtisodiyot nazariyasi, asosan, uch vazifani bajaradi: a) iqtisodiyot qonuniyatlarini idrok etish, iqtisodiy bilim berish, iqtisodiy savodxonlikni oshirish; b) boshqa iqtisodiy fanlar uchun asos sifatida xizmat qilish, ularga nazariy negiz bo’lish; v) iqtisodiy siyosatga doir amaliy tavsiyalar berish, siyosatni ishlab chiqishda nazariy tayanch bo’lish. Iqtisodiyot nazariyasi boshqa iqtisodiy fanlar bilan uzviy bog’langan. Birinchidan, ularning yutuqlarini umumlashtirgan holda yangi xulosalar bilan boyib boradi. Ikkinchidan, umumiqtisodiy nazariyaga oid xulosalar bilan qurollantirgan holda ularning rivojlanishiga ko’maklashadi. Iqtisodiyot nazariyasi faniga 17-asrda Yevropada asos solingan, bu bozor munosabatlarining rivojlanishi bilan bog’liq bo’lib, uning qonun va qoidalarini bilishga intilish Iqtisodiyot nazariyasini yuzaga keltirgan. U G’arbda paydo bo’lsada, uni oziqlantirgan iqtisodiy g’oyalar dastlab Sharqda, xususan, Markaziy Osiyoda shakllangan. Bu o’rinda Abu Ali ibn Sino, Abu Nasr Farobiy, Abu Rayhon Beruniy, Alisher Navoiy, Amir Temur, Mirzo Ulug’bek asarlarini eslash kifoyadir. Iqtisodiyot nazariyasi dastlab «siyosiy iqtisod» nomi bilan yuzaga kelgan. Bu tushunchani birinchi marta A. Monkreten (Frantsiya) o’zining «siyosiy iqtisod xaqida traktat» asarida (1615 yil) qo’llagan. A. Monkreten va T. Man (Angliya) Iqtisodiyot nazariyasidagi merkantilizm oqimiga asos solishgan. Ulardan so’ng fiziokratlar maktabi paydo bo’ldi (18-asr). Uning eng yirik namoyandasi «iqtisodiy jadvallar» kitobining (1758 yil) muallifi F. Kene (Frantsiya)dir. Iqtisodiyot nazariyasi tarixda eng nufuzli o’rin egallagan oqim bu klassik siyosiy iqtisod bo’lib, uning namoyandalari A. Smit va D. Rikardo (Angliya) hisoblanadi. Bu maktab 18-asr oxiri — 19-asrning boshlarida tanilgan va obro’li oqim hisoblangan. 19-asrning 2-yarmidan 20-asr boshlariga qadar Iqtisodiyot nazariyasida marjinalizm maktabi asosiy o’rinni egallab keldi. Buning asosiy vakillari K. Menger, F. Vizer, E. Byom-Baverk (Avstriya), U. Jevons hisoblanadi. 19-asrning oxiri va 20-asr davomida Iqtisodiyot nazariyasida 3 ta yo’nalish vujudga keldi: Birinchisi — neoklassik yo’nalish bo’lib, uning o’zi monetarizm [A. Marshall (Angliya), M. Fridmen (AQSh)] va neoliberalizm — [L. Mizes (Avstriya), F. Xayek (Angliya) va L. Erxard (Germa- niya)]ga bo’linadi. Ikkinchisi — keynechilik yo’nalishi bo’lib, uning yirik vakillari J. M. Keyns (Angliya), J. Robinson (Angliya), A. Xansen va P. Samuelson (AQSh)lar hisoblanadi. Uchinchisi — institusional ijtimoiy yo’nalish bo’lib, uning ko’zga ko’ringan vakillari T. Veblen, J. Komons, U. Mitchell, J. Gelbreyt (AQSh). 21-asr boshiga kelib, monetarizm maktabi ustuvorlikka ega bo’ldi, chunki uning tavsiyalari ko’pchilik mamlakatlardagi iqtisodiy siyosatda o’zining amaliy ifodasini topdi. Ad.: Sharifxo’jaev M., O’lmasov A., Iqtisodiyot nazariyasi, T., 1985; Rasulov M, bozor iqtisodiyoti asoslari, T., 1999; Shodmonov Sh., Alimov R., Jo’raev T., Iqtisodiyot nazariyasi, T., 2002; O’lmasov A., Iqtisodiyot asoslari, T., 1997; Razzoqov A. va boshqalar, Iqtisodiy ta’limotlar tarixi, T., 1997. Ahmadjon O’lmasov.