Iqtisodiy va ijtimoiy geografiya

Iqtisodiy va ijtimoiy geografiya— turli mamlakat va rayonlarda ishlab chiqarish kuchlarining joylashish xususiyatlari hamda hududiy iqtisodiy-ijtimoiy sistemalarning shakllanish qonuniyatlarini o’rganadigan fan. Uning asosiy vazifalari ishlab chiqarish va aholi hayoti bilan bog’liq sohalarning joylanishiga ta’sir etuvchi omil va sharoitlarni taxlil qilish, vujudga kelgan iqtisodiy Geografik vaziyat — ishlab chiqarishning hududiy tarkibi va strukturasini baholash, ularni bashorat qilish va boshqarishdan iborat. Shuningdek, Iqtisodiy va ijtimoiy geografiya ishlab chiqarishni joylashtirish bilan aloqador tabiatdan foydalanish va geoekologik muammolar, davlatning regional siyosati, xo’jalik strukturasini tartibga solib borishdek muhim vazifalarni o’rganadi. Iqtisodiy va ijtimoiy geografiya geografiya fanlari tizimiga kiradi va u, avvalo, tabiiy geografiya bilan chambarchas bog’liq. Uning tabiiy sharoitlarni o’rganuvchi boshqa tabiiy fanlar bilan aloqasi, ayniqsa, ekologik muammolarning keskinlashuvi jarayonida yanada kuchaydi. Iqtisodiy va ijtimoiy geografiya umumiy, sohalar yoki xo’jalik tarmoqlari geografiyasi, jahon xo’jaligi Geografiyasi, aholi geografiyasi, regional Iqtisodiy va ijtimoiy geografiyaga bo’linadi. Umumiy Iqtisodiy va ijtimoiy geografiya ishlab chiqarishni yaxlit va uning alohida tarmoklarining joylashish qonuniyatlarini o’rganadi. Soha Iqtisodiy va ijtimoiy geografiyada sanoat geografiyasi, qishloq xo’jaligi geografiyasi, transport geografiyasi keng rivojlanmoqda. Xizmat ko’rsatish sohalari geografiyasi, rekreatsiya geografiyasi, tabiiy resurelar geografiyasi, tibbiyot geografiyasi kabilar shakllanmoqda. Regional Iqtisodiy va ijtimoiy geografiya aniq mamlakat va rayonlarni tadqiq qiladi va ijtimoiy sohalarning barcha hududiy xususiyatlarini o’z ichiga oladi. O’zbekistonda Iqtisodiy va ijtimoiy geografiyaning ilmiy-amaliy mohiyati eng avval yangi ijtimoiy-siyosiy munosabatlar va milliy iqtisodiyotdagi ustuvor yo’nalishlardan kelib chiqadi. Aynan shu ma’noda uning asosiy tushuncha va qonuniyatlari, ilmiy g’oyalari hozirgi zamon talabi nuqtai nazaridan talqin qilinadi. Ayniqsa, bozor munosabatlariga o’tish davrida ishlab chiqarish kuchlarini joylashtirishni davlat tomonidan tartibga solib borish va boshqarish, regional ijtimoiy-iqtisodiy dasturlarning ilmiy asoslarini yaratish, regional va milliy iqtisodiyot rivojlanishini jonlantiruvchi va barqarorlashtiruvchi o’sish qutb va markazlari, sanoat parklari va texnopolislari, raqobat muhiti, investitsiya makoni, erkin iqtisodiy integrasiya sharoitlarini vujudga keltirish masalalarini tadqiq qilish muhimdir. Aholi geografiyasi madaniyat, tibbiyot va ijtimoiy geografiya bilan bog’liq. Uning o’zi esa aholining joylashishi, aholi manzillarining tiplari va boshqa xususiyatlarini o’rganadi. Aholi geografiyasining deyarli barcha masalalari Iqtisodiy va ijtimoiy geografiya doirasida o’rganilishi mumkin. Aholi geografiyasi Iqtisodiy va ijtimoiy geografiyaning boshqa tarmoqlari (sanoat geografiyasi, qishloq xo’jaligi geografiyasi, transport geografiyasi) orasida alohida o’rin tutadi. Bundan tashqari, siyosiy geografiya masalalari ham Iqtisodiy va ijtimoiy geografiyaning doirasiga kiritiladi. Siyosiy geografiya o’rganadigan siyosiy voqealar, mamlakatning geosiyosiy va Geostrategik mavqei ko’p jihatdan ma’lum iqtisodiy sharoitlarning mahsuli sifatida namoyon bo’ladi va, aksincha, siyosiy barkamollik xo’jalik hayotiga katta ta’sir ko’rsatadi. Iqtisodiy geografik ma’lumotlar antik davr va o’rta asrdagi geograf va sayyohlarning asarlarida ham uchraydi. Ammo, uning keng rivojlanishi hududiy mehnat taqsimoti, ishlab chiqarishning ixtisoslashuvi hamda savdo va transport taraqqiyotiga bog’liq. Iqtisodiy va ijtimoiy geografiyaning ahamiyati sho’rolar imperiyasi parchalangach, mustaqillikka erishgan ko’pgina mamlakatlarning bozor munosabatlariga o’tish davrida yanada ortdi. Ayni vaqtda Iqtisodiy va ijtimoiy geografiyaning tadqiqotlari aniq iqtisodiy fanlarning tadqiqotlarini takrorlamaydi. Uning o’ziga xos geografik xususiyatlari mavjud: 1) ishlab chiqarish tarmoqlarining joylashishi o’rganilganda ularning butun hududiy majmuasi birgalikda tahlil qilinadi; 2) muayyan hudud (mamlakat, rayon, aholi punkti) aniq tabiiy va ijtimoiy-tarixiy sharoitlar bilan birga o’rganiladi; 3) tabiiy-geografik sharoit albatta e’tiborga olinadi; 4) tadqiqot jarayonida masalaning hududiy (Geografik) tomoniga alohida ahamiyat beriladi. Iqtisodiy va ijtimoiy geografiya tabiiy geografiya bilan bevosita bog’liq. O’rganilayotgan mamlakat yoki rayonning tabiiy sharoiti, foydalanilayotgan yoki foydalanishi mumkin bo’lgan tabiiy resurslarini bilish zarur. Chunki tabiiy sharoit xo’jalik ixtisosiga, mehnat unumdorligiga, aholi va aholi manzilgohlarining joylashish xususiyatlari ga katta ta’sir ko’rsatadi. Shuning uchun bunday tadqiqotlarda tabiiy sharoit va resurslarga iqtisodiy baho berish muhim o’rin tutadi. Iqtisodiy va ijtimoiy geografiyada iqtisodiy va ijtimoiy xaritagrafiya ham katta ahamiyatga ega. Ushbu yo’nalishdagi xaritalar iqtisodiy geografik tadqiqotlarning uzviy qismi va natijasidir. Iqtisodiy va ijtimoiy geografiya o’z tadqiqotlarida tarixiy-ijtimoiy tahlilga asoslanadi va bu borada tarixiy geografiya, iqtisodiyot tarixi bilan bevosita aloqador. Iqtisodiy va ijtimoiy geografiya ko’pgina boshqa fanlar (etnografiya, statistika, sotsiologiya, demografiya) bilan ham bog’liq. O’zbekistonda ham an’anaviy Iqtisodiy va ijtimoiy geografiya, ko’pgina jahon mamlakatlarida bo’lganidek, asta-sekin o’z tadqiqot doirasini kengaytirmoqda. Ayni vaqtda Iqtisodiy va ijtimoiy geografiya kichik masshtabli tadqiqotlardan yirik masshtabli taxlilga, o’rta va kichik hududlarni chuqur o’rganishga, amaliy (konstruktiv) masalalarni hal etishga ham ahamiyat bermoqda. Iqtisodiy va ijtimoiy geografiya yangi shakllanib borayotgan regional iqtisodiyot fani bilan ham chambarchas bog’liq. Bu ikki fanning tadqiqot ob’yekti bir, ya’ni ishlab chiqarishning hududiy tarkibi va joylashishidir. Iqtisodiy va ijtimoiy geografiya ushbu muammoni keng ko’lamda — jahon xo’jaligi, mamlakat va rayonlar, turli hududiy ijtimoiy-iqtisodiy majmualar doirasida o’rganadi; regional iqtisodiyot, asosan, alohida olingan rayonlar xo’jaligi bilan shug’ullanadi. Agar Iqtisodiy va ijtimoiy geografiya iqtisodiylashgan geografiya bo’lsa, regional iqtisodiyot geografiylashgan (hududiylashgan) iqtisodiyotdir. Iqtisodiy va ijtimoiy geografiyaning tadqiqot va xulosalari ishlab chiqarishni maqsadga muvofiq joylashtirishga imkon beradi. Ishlab chiqarishni hududiy tashkil qilish va taqqoslashda faqat ayrim korxona yoki tarmoq emas, balki bir-biri bilan bog’liq bo’lgan ishlab chiqarish sohalarining butun majmuasi nazarda tutiladi. Ko’p jihatlarni hisobga olib yondashish Iqtisodiy va ijtimoiy geografiyaning bosh tamoyilidir. Iqtisodiy va ijtimoiy geografiyaning muhim tushunchalaridan biri bo’lgan hududiy mehnat taqsimoti va uning bevosita mahsuli bo’lgan iqtisodiy rayonlar va ularning ichki aloqalari, rayonlararo va xalqaro iqtisodiy integratsiya jarayonlarini o’rganish ham Iqtisodiy va ijtimoiy geografiyaning muhim vazifalaridan biri. Hududiy mehnat taqsimoti iqtisodiy rayonlarni vujudga keltiruvchi asosiy omildir. Iqtisodiy rayon esa Iqtisodiy va ijtimoiy geografiyaning asosiy tushunchasidir. Umumiqtisodiy rayonlar, sanoat va qishloq xo’jalik rayonlari, sanoat markazlari mamlakatda ishlab chiqarishni joylashtirish va hududiy mehnat taqsimotini tashkil qilish bir butun jarayonining samarasi, uning ayrim qismlari sifatida tashkil topadi. Hududiy mehnat taqsimoti Iqtisodiy va ijtimoiy geografiyaning asosiy tadqiqot ob’yekti hisoblanadi. Iqtisodiy va ijtimoiy geografiya hududiy mehnat taqsimoti va iqtisodiy rayonlardan tashqari hududiy ishlab chiqarish majmualari va iqtisodiy geografik o’rin (turli xo’jalik ob’yektlarining — vujudga kelganligi, joylashganligi, rivojlanish xususiyatlari)ni ham tadqiq etadi. Hududiy ishlab chiqarish majmualarini to’g’ri tashkil qilish, infrastruktura tizimidan oqilona foydalanish esa iqtisodiy geografik samaradorlikni ta’minlaydi. Iqtisodiy va ijtimoiy geografiya o’z tadqiqotlarida bir qancha an’anaviy va hozirgi zamon ilmiy tadqiqot metodlaridan foydalanadi. Geografik taqqoslash, xaritagrafiya, tarixiy, statistik, kuzatish, balans, matematik metodlar shular jumlasidandir. O’zbekiston va uning iqtisodiy rayonlarida ishlab chiqaruvchi kuchlarini o’rganish va xo’jalikning turli tarmoqlarini joylashtirish bo’yicha yirik iqtisodiy geografik tadqiqotlar olib borilmoqda. Ayniqsa, O’zbekiston Fanlar Akademiyasining sobiq ishlab chiqaruvchi kuchlarni o’rganuvchi kengashi tomonidan uyushtirilgan Farg’ona va Zarafshon ekspedisiyalari natijasida iqtisodiy-geografik ma’lumotlar to’plangan. O’zbekiston Iqtisodiy va ijtimoiy geografiyasi bo’yicha Z. M. Akramov, A. S Soliev, A. Ro’ziev va boshqalarning asarlari mavjud. O’zbekistonda iqtisodchi-geograflar davlat tashkilotlari, Fanlar Akademiyasi institutlari, ilmiy tadqiqot va loyihalash institutlarida respublika ishlab chiqarishini joylashtirish muammolarini hal qilishda hamda xalq ta’limi sistemasida bevosita faoliyat ko’rsatib kelmoqda. Yuqori malakali iqtisodchi-geograflar va geograflar O’zbekiston Milliy universiteti, Samarqand, Farg’ona, Termiz, Namangan davlat universitetlarida tayyorlanadi. Iqtisodiy va ijtimoiy geografiya bo’yicha ilmiy tadqiqot ishlari ham ana shu oliy o’quv yurtlarida, O’zbekiston Fanlar Akademiyasi Seysmologiya instituti qoshidagi geografiya bo’limi va boshqa tashkilotlarda olib boriladi. Iqtisodiy va ijtimoiy geografiya oldida turgan asosiy vazifalar O’zbekiston Respublikasi siyosiy mustaqilligi va uning iqtisodiyotini bozor munosabatlariga o’tishidan bevosita kelib chiqib, yangi sharoitda ishlab chiqarishni joylashtirish va boshqarishning nazariy masalalarini ishlab chiqish, milliy iqtisodiyotni hududiy tashkil qilish muammolarini tadqiq qilish, mamlakatni iqtisodiy rayonlashtirish va uning regional siyosatini yaratish, iqtisodiy-geografik bashorat bo’yicha tadqiqotlarni kuchaytirish, jahon mamlakatlari o’rtasidagi mehnat taqsimoti masalalarini o’rganishdan iborat. Ad.: Soliev A. S, iqtisodiy va ijtimoiy geografiyaning dolzarb masalalari, T., 1995; Soliev A. S, Qarshiboeva L. Q., Iqtisodiy geografiyaning nazariy va amaliy masalalari, T., 1999; Saushki n yu. G., Vvedenie v ekonomicheskuyu Geografiyu, 2 izd. M., 1970; Soliev A. S, Mahamadaliyev R., Iqtisodiy geografiya asoslari, T., 1996. Abdusami Soliyev.