Iqtisodiy islohotlar

Iqtisodiy islohotlar – xo’jalik yuritish tizimida, iqtisodiyotni boshqarishda, iqtisodiy siyosatni amalga oshirish yo’llari va usullarida yirik qayta qurishlar, o’zgartirishlar samaradorligi past muayyan iqtisodiy tizimni takomillashtirish yoki eski tizimdan yangisiga o’tish maqsadlarida amalga oshiriladi. Iqtisodiy tizimning samaradorligi qoniqarsiz bo’lgan, iqtisodiy tangliklar yuz bergan, iqtisodiyot kishilarning ehtiyojlarini yetarli qondirmagan hollarda, mamlakat o’z taraqqiyotida boshqa mamlakatlardan orqada qolgan sharoitlarda o’tkaziladi. Iqtisodiy islohotlar larzalarsiz, aniq maqsadlar ko’zlangan holda, parlament qabul qilgan qonunlarga binoan va davlat rahbarligida o’tkaziladi. Iqtisodiy islohotlar evolyutsion rivojlanishni ta’minlaydi. 20-asr oxiri va 21-asr boshlaridagi Iqtisodiy islohotlar umumbashariy bo’lib, deyarli hamma mamlakatlarda o’tkazildi. Bozor iqtisodiyoti qaror topgan mamlakatlarda Iqtisodiy islohotlar iqtisodiyotni erkinlashtirishga qaratilgan bo’lib, davlatning iqtisodiyotga aralashuvini cheklash, iqtisodiyot sub’yektlari mustaqilligini kuchaytirish, monopoliyalar faoliyatini nazorat qilish, erkin narxlarga yo’l berish, xullas bozor mexanizmining to’laroq amal qilishiga sharoit yaratib berishga qaratildi. Yangidan mustaqil bo’lgan yosh mamlakatlarda (sobiq sotsialistik mamlakatlar va SSSR tarkibidagi respublikalar) Iqtisodiy islohotlar 2 yo’nalishda bordi: 1) milliy mustaqillikni iqtisodiy jihatdan ta’minlashni ko’zlagan islohotlar; 2) rejali iqtisodiyotdan bozor tizimiga o’tishga qaratilgan, ya’ni bozor islohotlari yo’nalishlarida amalga oshirildi. Birinchi yo’nalish bo’yicha milliy pulni muomalaga kiritish, mustaqil bank, byudjet va soliq tizimlarini joriy etish, bojxona xizmatini tashkil qilish va milliy iqtisodiy chegaralarni o’rnatish, ishlab chiqarish tuzilmasini o’zgartirish kabilar amalga oshirildi. Ikkinchi yo’nalish bo’yicha mulkni xususiylashtirish va davlat tasarrufidan chiqarish, bozor infratuzilmasini yaratish, rejali davlat narxlaridan erkin bozor narxlarga o’tish, agrar sohadagi o’zgarishlar, tashki iqtisodiy faoliyatni bozor talablariga mos ravishda qayta qurish, monopoliyalarni cheklash, chetdan capital kiritishni rag’batlantirish kabi chora- tadbirlar joriy etildi. Iqtisodiy islohotlar bosqichma-bosqich amalga oshiriladi va davom etadi, iqtisodiyotni erkinlashtirishni ta’minlaydi. Iqtisodiy islohotlarga umumiylik va milliylik xos. Ularning umumiyligi — Iqtisodiy islohotlar yo’nalishlarining bir xil bo’lishi va yagona bozor tizimining karor topishidir. Milliylik har bir mamlakatning o’ziga xos sharoitini hisobga olish va shunga qarab islohot tamoyillarini qo’llashdan iborat. O’zbekistonda 1991-2002 yillar davomida amalga oshirilgan Iqtisodiy islohotlar tanlangan milliy modelga binoan o’tkazildi va bu jarayon davom etmoqda. Ad.: Karimov I. A., O’zbekiston iqtisodiy islohotlarni chuqurlashtirish yo’lida, T.. 1995. Alisher Vahobov.