Iroq qo’zg’oloni
Iroq qo’zg’oloni – Iroq xalqining ingliz mustamlakachilariga qarshi milliy ozodlik qo’zg’oloni (1920 iyun — oktabr). Arab davlatlarining ustidan Angliya va Frantsiya xukmronligini o’rnatish to’g’risidagi San-Remo konferentsiyasi (1920 yil aprel) ning qarori qo’zg’olonning boshlanishiga asosiy sabab bo’ldi. 1920 yil 30 iyunda Rumayta shahrida boshlangan qo’zg’olon tez orada Iroqning katta qismini qamrab oldi. Qo’zg’olonda dehqonlar, yarim ko’chmanchi qabilalar ishtirok etdi. Unga qabila shayxlari bilan shia ulamolari boshchilik qildi. Qo’zg’olonchilar inglizlar ustidan bir necha g’alabaga erishdi. Ozod qilingan hududlarda inqilobiy hukumat organlari tuzildi. Inglizlar qo’zg’olonni bostirishga 65 ming askar tashladi, qabilalar orasidagi nizolarni kuchaytirdi. 1920 yil oktabrda qo’zg’olon bostirildi. Iroq qo’zg’oloni mag’lubiyatga uchrasa ham, Angliya Iroqni to’g’ridan to’g’ri mustamlaka qilishdan voz kechishga majbur bo’ldi. Inglizlar ta’sirida bo’lsa hamki mahalliy hukumat tuzildi.