Ishlab chiqarish-texnika nazorati

Ishlab chiqarish-texnika nazorati — sanoat korxonalarida mahsulot sifatini nazorat qilish yuzasidan bajariladigan xizmatlar majmui. Texnik nazorat ishlab chiqarishning barcha qismlari (xom ashyo, materiallar, yoqilg’i, yarim fabrikatlar, butlovchi qismlar, texnologik jarayonlar, asboblar, dastgohlar, uskunalar, tayyor mahsulotlar va boshqalar)da amalga oshiriladi. Nazorat qilinadigan ob’yekt xususiyatiga ko’ra, nazoratning kuzatib nazorat qilish, mexanik xususiyatlarni nazorat qilish, kimyoviy tahlil, metallografik tadqiqotlar o’tkazish, sinab ko’rib nazorat qilish va boshqa usullari bor. Tashkiliy jihatdan uning texnologik jarayonlarni nazorat qilish; operatsion nazorat (mahsulot ishlab chiqarish bilan bog’liq operatsiya bajarib bo’lingach, o’tkaziladi); inspektsion (yoki tanlab) nazorat qilish; boshlang’ich nazorat (korxonaga yetkazib berilgan materiallar, xom ashyo, yarim fabrikatlar, butlovchi detallar nazorat qilinadi); faol nazorat (mahsulotni ishlab chiqarish jarayonida o’lchov asboblari yordamida nazorat qilish);: tayyor mahsulotni qabul qilish jarayonidagi nazorat va boshqa turlari bor. Ishlab chiqarish-texnikaning asosiy vazifasi korxonalardagi nazorat operatsiyalarning bajarilishini, ishlab chiqarilayotgan mahsulotning komplektligini tekshirish, brakni yo’qotish hamda mahsulotni belgilangan standart va texnik shartlarga muvofiq qilib ishlab chiqarishni ta’minlashdan iborat. Ishlab chiqarish-texnika nazoratini korxona bo’limlarida xodimlar, tsexlarda ishchilar, sozlovchilar, ustalar, brigadirlar va korxonalarning hamma muhim uchastkalarida texnika nazorati bo’limi xodimlari amalga oshiradi. Texnika nazorati bo’limining vazifasi nazorat usullarini ishlab chiqish, brakni hisobga olish va taxlil qilishidir. Hozirgi vaqtda detallarni Ishlab chiqarish jarayonida nazorat qilishning eng zamonaviy usullari (avtomatlashtirish, yoppasiga nazorat qilish)ni yaratishga keng e’tibor qaratilgan. O’zbekistonda Asaka avtomobil zavodi, Buxoro neftni qayta ishlash zavodi, «Kabul Tekstaylz» korporasiyasining O’zbekistondagi qo’shma korxonalarida va boshqalarda mahsulot Ishlab chiqarishni nazorat qilishning huddi shunday zamonaviy usullari tadbiq etilgan.