Ishonchnoma

Ishonchnoma, vakolatnoma — muayyan muassasa yoki ayrim shaxs o’z nomidan ish ko’rish uchun ikkinchi bir shaxsga ishonch bildiradigan yozma vakolatli hujjat. Ishonchnomalar o’z mazmuniga ko’ra, mol-mulkni boshkarish, pul va moddiy-buyum boyliklarini olish, sud hamda notarial idoralarda, shuningdek, boshqa davlat va nodavlat idoralarda ish olib borish va boshqa ishlarni amalga oshirishni ifodalaydi. Ishonchnomalar rasmiy (xizmat) va shaxsiy turlarga bo’linadi. Rasmiy (xizmat sohasidagi) Ishonchnomalar davlat muassasalari, jamoat tashkilotlari muayyan lavozimli shaxsga uning muayyan tashkilot tomonidan ish yuritishga vakil qilinganini bildirish uchun beriladi. Bunday Ishonchnoma muassasa rahbari tomonidan imzolanishi va muhr bilan tasdiqlanishi kerak. Ayrim hollarda Ishonchnoma qonun talabiga ko’ra, notarial tasdiqdan o’tishi zarur bo’ladi. Mazmun hamda vakolatning ko’lamiga ko’ra, Ishonchnoma lar bir martalik, maxsus va umumiy turlarga bulinadi. Bir martalik Ishonchnoma muayyan bir ishni amalga oshirish, vazifani bajarish uchun (masalan, faqat 1 martagina pul yoki qimmatdor buyumni olish uchun) beriladi. Muayyan davr davomida bir qancha turdagi vazifalarni bajarish vakolatini beruvchi Ishonchnomalar maxsus Ishonchnomalar deyiladi (masalan, 1 yil davomida sudhakamlik idoralarida korxona nomidan vakillik qilish uchun berilgan Ishonchnoma). Umumiy Ishonchnoma mulkni boshqarish bilan alokador turli-tuman ishlarni amalga oshirish huquqini beradi. Ishonchnoma ko’pi bilan 3 yil muddatga berilishi mumkin. Agar Ishonchnomada muddat ko’rsatilmagan bulsa, u berilgan kundan boshlab 1 yil mobaynida o’z kuchini saqlaydi. Berilgan kuni ko’rsatilmagan Ishonchnoma haqiqiy hisoblanmaydi. Ishonchnoma bo’yicha vakolatlar hamda Ishonchnoma bilan bog’liq boshqa tartib-qoidalar O’zbekiston Respublikasi FK da belgilab berilgan (134-144-moddalar).