Ishqalanish

Ishqalanish – bir-biriga tegi shib turuvchi qattiq jismlar, suyuqliklar va gazlarning nisbiy ko’chishiga qarshilik qilish hodisasi. Ichki va tashqi xillari bo’ladi. 1)tashqi Ishqalanish — bir-biriga tegib turgan qattiq jismlar yoki biror jismning o’zaro tegib turgan bo’lakchalari harakatlanib, bir-biriga nisbatan siljiganda mexanik qarshilikning vujudga kelish jarayoni. Ikki jismning bir-biriga tegib turgan sirtlarining o’zaro ta’sir kuchi — tashqi Ishqalanish kuchi quyidagicha ifodalanadi: FumK=kN, bunda k — ishqalanuvchi sirtlarning xossalariga bog’liq bo’lgan Ishqalanish koeffisienti, N — jismga qo’yilgan kuch. Biron jismning boshka jism sirti bo’ylab qanday harakat qilishiga qarab, statik Ishqalanish yoki tinchlikdagi Ishqalanish va kinetik Ishqalanish xillari mavjud. Gorizontal tekislikda ixtiyoriy yotgan jismga Ishqalanish kuchi ta’sir qilmaydi. Agar jismni siljitish uchun unga kuch qo’yilsa, Ishqalanish vujudga keladi. Bir-biriga nisbatan qo’zg’almas bo’lgan sirtlar orasidagi Ishqalanish tinchlikdagi Ishqalanish deyiladi. Tinchlikdagi Ishqalanish kuchi har doim jismga uning boshqa jism tegib turgan sirtiga parallel yo’nalishda qo’yilgan kuch G’ga moduli bo’yicha teng va unga qarama-qarshi yo’nalgan bo’ladi: Qattiq jismlarda sirpanib Ishqalanish va dumalab Ishqalanish yuz beradi. Bir jism boshqa jism sirtida harakatlanganda hosil bo’ladigan Ishqalanish kuchiga sirpanib Ishqalanish kuchi deyiladi; sirpanib Ishqalanish kuchi jismning tegib turgan boshqa jismga nisbatan ko’chishiga qaramaqarshi yo’nalgan bo’ladi. Qattiq jismlarning sirpanishida Ishqalanish kuchi faqat sirtlarning xossalariga va bosim kuchigagina emas, balki harakat tezligiga ham bog’liq bo’ladi. Tezlik ortishi bilan ko’pincha Ishqalanish kuchi dastlab keskin kamayadi; so’ngra yana o’sa boshlaydi. Jismga va uning sirtiga berilgan ishlovga bog’liq bo’lgan sirpanib Ishqalanish koeffisienti, shuningdek, jismning qattiqlik darajasiga bog’liq bo’lgan dumalab Ishqalanish koeffisienti amalda katta ahamiyatga ega. Sirpanish yoki dumalash boshlangunga qadar tashqi kuchga qarshi ta’sir qilishni statik Ishqalanish, harakat boshlangandan keyin unga qarshi ta’sir qilishni esa kinetik Ishqalanish deyiladi. Bir xil sharoitda dumalab Ishqalanish kuchi sirpanib Ishqalanish kuchidan sezilarli darajada kichik bo’ladi. Ishqalanish kuchini kamaytirish uchun ishqalanuvchi sirtlarning sirpanishini undagi g’ildiraklar, roliklar va sharlarning dumalashi bilan almashtiriladi. Qattiq jismlarning quruq sirtlari orasidagi Ishqalanishga quruq Ishqalanish deb ataladi. Qattiq jismlar suyuqliklar va gazlarda harakatlanganda ularning turli qatlamlari orasida hosil bo’ladigan va ularning qovushoqligi (yopishqoqligi) bilan bog’liq bo’lgan suyuq Ishqalanish ham mavjud. Suyuq Ishqalanish kuchlari harakat tezligiga mutanosib bo’lib, u jism to’xtaganda nolga aylanadi. Shu sababli, juda kichik kuch bilan jismni suyuqlikda harakatlantirish mumkin. Masalan, odam suvdagi og’ir barjani tayoq uchini suv tubiga tirash bilan harakatga keltiradi, biroq yerda bunday yukni u, albatta, qo’zg’ata olmaydi. Ko’pgina hollarda Ishqalanishning foydali tomoni bor. Masalan, yo’l sirti yaxlagan vaqtda silliq bo’lganligi uchun yo’l sirti bilan piyodalar poyabzalining tagligi yoki transport vositasi g’ildiragi orasida Ishqalanishning keskin kamayib ketishi piyodalar va transport vositalarining harakatlanishini qiyinlashtirib yuboradi. Ishqalanish bo’lmasa qoqilgan mixlar tushib, rezbali birikmalar bo’shab qolardi. Ba’zi hollarda Ishqalanishning zararli tomonlari ham mavjud. Masalan, turli transport vositalari, samolyotlar, suv osti kemalari gorizontal yo’nalishda o’zgarmas tezlik bilan harakatlanayotganda Ishqalanish kuchini engish uchun juda ko’p miqdorda yonilg’i sarf qiladi. Bundan tashqari, Ishqalanishlar mashina va mexanizmlarning yeyilishiga sabab bo’ladi (ularning f.i.k. ni kamaytiradi). Shuninguchun Ishqalanishni kamaytirish katta iqtisodiy ahamiyatga ega. Ishqalanish ksharini kamaytirishning eng samarali usullaridan biri sirpanib Ishqalanishni dumalab Ishqalanishga almashtirish, ishqalanuvchi sirtlarni moylash (bunda Ishqalanish kuchi 8— 10 marta kamayadi). 2) Ichki Ishqalanish — qattiq, suyuq va gazsimon jismlarda sodir bo’ladigan jarayonlar; bu jarayonlar jismlarning mexanik energiyasini qaytmas ichki energiyasiga aylantirib beradi. Qattiq jismlarda ichki Ishqalanish — jism deformatsiyasiga sarflangan energiyaning jism eng katta elastik deformatsiya paytida oladigan ichki energiyasiga nisbati bilan aniqlanadi. Bunda ichki Ishqalanish turli usullar bilan (masalan, deformatsiya paytida jism temperaturasining o’zgarishi asosida) o’lchanadi.