ISLOM AQIDAPARASTLIK

ISLOM AQIDAPARASTLIK — mutloq haqiqatni da‘vo qilib, har qanday o’zga diniy va dunyoviy g’oyalarni, qarashlarni, ijtimoiy, milliy qadriyatlarni, madaniyatni rad etadigan mafkura. XX asrning 60-yillaridan boshlab bir qator arab mamlakatlarida (Masalan: Misr, Saudiya Arabistoni, Suriya, Liviya, Jazoir kabi) qonli to’qnashuvlarni keltirib chiqardi. Afg’oniston, Tojikistonda fuqarolar urushini avj oldirdi. Aqidaparastlar hozir ham turli mamlakatlarda millatlar, turli dinlarga e‘tiqod qiluvchi kishilar o’rtasida nizolar keltirib chiqarishga urinmoqdalar. Islom dini aqidaparastlari «sof islom» ilmiy-texnik va ijtimoiy taraqqiyot yutuqlaridan voz kechish g’oyasini ilgari suradilar. Ularning asosiy maqsadi: Qur‘oni Karim va hadislarda ko’rsatilmagan har qanday milliy, zamonaviy urfodatlar, qadriyatlar va qarashlarni, demokratik tamoyillarga asoslangan ijtimoiy taraqqiyot yo’lini inkor etib, faqat islom dini aqidalarigagina asoslangan «islomiy taraqqiyot» yo’lini joriy etishdan iborat. Vahhobiylik, «Musulmon birodarlari» tashkiloti, «Hizbut-tahrir», «Hizbulloh», «Islom ozodlik partiyasi» kabi diniy-ekstremistik tashkilotlar islom aqidaparastligi mafkurasiga asoslangan.