Islomobod
Islomobod — Pokistonning poytaxti, mamlakatning shimoli sharqida, Himolay tog’lari etagida, Potvar platosidagi vodiyda, 550 metr balandlikda joylashgan. Iqlim sharoiti juda qulay, iyulda eng yuqori temperatura 39°, yanvarda eng past temperatura 3°. Islomobod ma’muriy jihatdan Markaziy hukumat tomonidan boshqariladigan federal poytaxt okrugi. Aholisi 529,2 ming kishi (1998). Transport yo’llari tuguni. Xalqaro aeroport bor. Oziq-ovqat, yengil sanoat korxonalari mavjud. Hunarmandchilik rivojlangan. Islomobodni qurish to’g’risidagi qaror 1959 yilda qabul qilingan. Shaharni qurish 1961 yildan, avval poytaxt bo’lib turgan Ravalpindi shahridan 28 kilometr narida boshlandi. Islomobod mahalliy me’moriy xususiyatlar bilan uyg’unlashtirilgan holda hozirgi zamon Yevropa shaharlari uslubida qurilgan. Shahar muntazam rejaga ega va zonalarga bo’lingan. Islomobodda atom energiyasi instituti, Islomshunoslik instituti, Milliy kutubxona bor.