Isro va Me’roj

Isro va Me’roj — Islom tarixida Muhammad (sav) ning Makkadan Quddusga qilgan tungi sayri (Isro) hamda Quddusdagi Aqso masjididan osmonga ko’tarilishi (Me’roj). Bu haqda Qur’on oyatlari va hadisi shariflarda keng ma’lumotlar berilgan. Bu hodisa ilohiy mo»jizalar turiga kirgani uchun moddiylik va aqliy dalillar bilan chegaralanuvchi kishilar uni inkor etadilar. Hadis va rivoyatlarda aytilishicha, Muhammad (sav) Jabroil (as) boshchiligida tunda ko’p yillik masofani bosib o’tib, bu samoviy sayohatlaridan boy xotiralar bilan qaytganlar. Jumladan, yetti qavat osmon oraliqlarida o’zlaridan oldingi o’tgan yirik payg’ambarlar bilan muloqotda bo’lganlar. Jannat va do’zaxni tomosha qilganlar. 5 vaqt namoz ham shu kechada farz qilingan. Bu hodisa tasvirlab yozilgan ko’pgina asarlar mavjud. Isro va Me’roj kechasi Islom olamida diniy bayram sifatida har yili hijriy Rajab oyining 27-kechasida nishonlanadi.