IVAN IV GROZNIY

IVAN IV GROZNIY (1530.25.8, Kolomenskoye qishlog’i — 1584.18.3, Moskva) — «butun Rusning ulug’ knyazi» (1533 yildan), 1-rus podshosi (1547 yildan). Vasiliy III ning o’g’li. Mustabid hokim sifatida xalq uni «Grozniy» («Dahshatli») laqabi bilan atagan. Ivan IV 40-yillarning oxiridan tanlangan Rada ishtirokida davlatni boshqargan. Uning davrida Zemskiy soborlar chaqirilgan; 1550 yil Sudebniki tuzilgan; boshqaruv va sud islohotlari o’tkazilgan; 1565 yilda oprichnina joriy etilgan; Angliya bilan savdo aloqalari o’rnatilgan (1553); Moskvada 1-bosmaxona qurilgan; Qozon (1552) va Astraxon (1556) xonliklari bo’ysundirilgan; Boltiq bo’yiga chiqish maqsadida Livon urushi olib borilgan (1558-83); Sibirni bosib olish boshlangan (1581). Ivan IV ning ichki siyosati ommaviy qatl etishlar, dehqonlarni asoratga solishni kuchayishi bilan ajralib turadi.