Ivano-frankovsk viloyati
Ivano-frankovsk viloyati (1962 yilgacha Stanislav viloyati) — Ukrainaning g’arbidagi viloyat. 1939 yil 4 dekabrda tashkil etilgan. Maydoni 13,9 ming km2. Aholisi 1465 ming kishi (1997), asosan, ukrainlar, shuningdek, rus, polyak, yahudiy, beloruslar ham yashaydi. Ma’muriy markazi — Ivano-Frankovsk shahri. Ivano-frankovsk viloyati Sharqiy Yevropa tekisligi bilan Karpat tog’lari tutashgan joyda. Relefi tekislik, Dnestr bo’yi o’rmonli Dashti, Karpat tog’i etaklari va Janubiy- g’arbiy tog’lik qismidan iborat. Eng baland joyi 2061 metr (Goverla cho’qqisi). Iqlimi mo’tadil kontinental. Dnestr bo’yi va Karpat tog’lari etagida qish yumshoq (yanvarning o’rtacha temperaturasi — 4° dan — 6° gacha), yozi iliq (iyulning o’rtacha temperaturasi 18-19°). Yiliga 500-800 mm yog’in yog’adi. Vegetatsiya davri 210— 215 kun. Karpat tog’larida havo sovuq va nam; yanvarning o’rtacha temperaturasi — 6° dan — 9°gacha, iyulniki 17° dan 6° gacha. Yiliga 800-1400 mm yog’in yog’adi. Asosiy daryolari: Dnestr, Prut va ularning irmoqlari. Tuprog’i podzollashgan kulrang o’rmon, podzollashgan qoratuproq, chimli podzol, qo’ng’ir tog’-o’rmon, chimli qo’ng’ir, torfli tuproqlar. Maydonining 35% o’rmon (eman, zarang, qoraqayin, oqqarag’ay). O’rmonlarda asl bug’u, Yevropa eligi, qobon, tulki, bo’ri, bo’rsiq, suvsar yashaydi. Yetakchi sanoat tarmoqlari: neft, gaz, kimyo, mashinasozlik, o’rmon va yog’ochsozlik. Yoqilg’i-energetika asosini mahalliy neft, gaz, Burshtin GRES va Kalush issiqlik elektr markazi tashkil etadi. Foydali qazilma konlarni ishlatish asosida kaliy o’g’iti, vinil-xlorid, aerosil, karbamid va polixlorvinil smolalar, sintetik yog’, o’simliklarni himoya qilish vositalari, neft bitumlari va boshqalar ishlab chiqaradigan kimyo va neft kimyosi rivojlanmoqda. Mashinasozlik va metallsozlik sanoati priborlar va texnologik jarayonlarni rostlovchi, chorvachilik uchun mashinalar, presslar, neft sanoati jihozlari ishlab chiqarishga ixtisoslashgan. Asosiy zavodlari: Ivano-Frankovskda priborsozlik, «Avtolitmash», Lokomotiv remonti, Kolomiyada qishloq xo’jalik mashinalari va metall buyumlar zavodlari. O’rmon sanoati korxonalari — Nadvornaya, Bolexov, Verxovina, Broshnev-Osada, Vigoda shaharlarida, Ivano-Frankovsk, snansiyasi, Bolexov shaharlarida mebel, Kolomiya shaharda qog’oz korxonalari joylashgan. Yengil sanoatda charm va tikuvchilik birlashmalari (Ivano-Frankovsk), trikotaj (Ivano-Frankovsk), pardabop to’r, to’quv, tikuvchilik, poaybzal, kilchutka (Kolomiya) fabrikalari, mo’yna ishlab chiqarish birlashmasi mavjud. Oziq- ovqat sanoatida asosiy o’rinni shakarqand (Gorodenka, Bovshev), sut va moysir (Ivano-Frankovsk, Kalush va boshqalar) sanoati egallaydi. Go’sht, nonvoyxona, spirt-araq, pivo, tamaki-fermentasiya, konserva va kandolatchilik korxonalari bor. Temir-beton, g’isht, tsement ishlab chiqariladi. Badiiy hunarmandchilik — yog’och o’ymakorligi, gilam to’qish, to’quvchilik va boshqalar rivojlangan. Asosiy qishloq xo’jalik ekinlari: bug’doy, arpa, javdar, makkajo’xori, qand lavlagi, tolali zig’ir, kartoshka. Bog’dorchilik rivojlangan. Chorvachiligi go’sht-sut yetishtirishga ixtisoslashgan. Qoramol, cho’chqa, qo’y boqiladi. Asosiy temir yo’l liniyalari Ivano-Frankovskni Kiyev, Odessa, Lvov va boshqa shaharlar bilan bog’laydi. 3 oliy o’quv yurti, ommaviy kutubxonalar, 2 teatr, filarmoniya, 4 muzey mavjud.