Ixshidiylar

Ixshidiylar – Suriya va Misrda hukmronlik qilgan yarim mustaqil turkiy sulola (935-969). Asoschisi — Farg’ona ixshidlarn naslidan Muhammad ixshid ibn Tug’j (Tag’aj) (882-946). Bobosi – Joff (?-861) Farg’ona amirlaridan bo’lib, xalifa Mu’tasim (833-842) yollanma qo’shinida xizmat qilgan. Otasi Tug’j esa tuluniylaragm Xumoravayh davri (884-895)da Damashq va Tiveriada (O’rta dengizning sharqiy sohilidagi viloyat) noibi bo’lgan. Muqammad avval xalifa Muqtadir (908-932)ning Ramla va Damashqdagi, so’ng xalifa Roziy Billoh (934— 940)ning Misr, Suriya va Mesopotamiyadagi noibi darajasiga ko’tarilgan (935-941). 938 yil u «ixshid» unvonini qabul qilgan. 942 yil Makka va malina ham uning tasarrufiga o’tkazilgan. Misr va Suriya fotimiylar tomonidan ishg’ol etilgach, Ixshidiylar hukmronligi barham topgan (969). Sulola vakillari: Muhammad ixshid ibn Tug’j (935-946), Abulqosim Ungur ibn ixshid (946-960), Abu-lhasan Ali ibn ixshid (960-966), Abulmisk kofur (966-968), Abulfa-voris Ahmad ibn Ali (968-969).