Jabrlanuvchi

Jabrlanuvchi – jinoyat oqibatida yoxud aqli noraso shaxsning ijtimoiy xavfli qilmishi natijasida ma’naviy, jismoniy yoki mulkiy zarar ko’rgan shaxs. Ma’naviy zarar fuqaroning or- nomusi va insoniy qadr-qimmatini toptashda, uni boshqa fuqarolar oldida kamsitishda, jamoatchilik oldida obro’ini tushirishda va badnom qilishda ifodalanadi. Jismoniy zarar — fuqaroning badaniga shikast va sog’lig’iga putur yetkazish, jismoniy azob va og’riqlarga duchor qilish, mulkiy zarar — shaxsiy mulkni g’ayriqonuniy ravishda olish, unga shikast yetkazish yoki mulkka egalik qilish huquqini buzish demakdir. Fuqaroni Jabrlanuvchi deb topish haqida surishtiruvchi, tergovchi va prokuror — qaror, sud esa — ajrim chiqaradi. Agar Jabrlanuvchi voyaga yetmagan yoki muomalaga layoqatsiz deb topilgan bo’lsa, ishda uning qonuniy vakili ishtirok etadi. Jabrlanuvchining o’limi bilan tugagan jinoyat ishlarida Jabrlanuvchi huquqlari qonunga binoan yaqin qarindoshlariga o’tadi. Jabrlanuvchiga jinoyat ishida faol ishtirok etish va huquqlarini himoya qilish uchun keng vakolatlar berilgan. Jabrlanuvchi: ko’rsatuvlar berish, dalillar taqdim qilish, iltimosnoma berish va rad etish, surishtiruvchi, tergovchi, prokuror va sud harakatlari ustidan shikoyat qilishga; dastlabki tergov tugagandan keyin ishdagi barcha materiallar bilan tanishib chiqishga; sud muhokamasi olib borilayotgan tilni bilmasa, o’z ona tilida gapirish va tarjimon xizmatidan foydalanishga hakli. Jabrlanuvchi o’z manfaatlarini shaxsan o’zi yoki o’z vakili orqali himoya qilishi mumkin. Jabrlanuvchi sud muhokamasida qatnashayotib, guvohlarga, ekspertga, sudlanuvchiga, boshqa Jabrlanuvchilarga, fuqarolik da’vogari va fuqarolik javobgariga savollar, sud tergovining istalgan paytida sud tekshirayotgan ish holatlari yuzasidan ko’rsatuv berish, arz qilingan fuqarolik da’vosini quvvatlash huquqiga ega. Jabrlanuvchi ashyoviy dalillar va hujjatlarni hamda jinoyat sodir bo’lgan joyni ko’zdan kechirishda ishtirok etishi, sud majlisi protokoli bilan tanishishi va protokol yuzasidan o’z mulohazalarini ma’lum qilishi mumkin. Jabrlanuvchi hukm ustidan shikoyat qilishga, boshqa shaxslarning shikoyat va prokuror protesti bilan tanishishga, ular yuzasidan e’tirozlar bildirishga haqli. Jabrlanuvchi ish yuzasidan bilganlarini ma’lum qilishga va qo’yilgan savollarga javob berishga majbur. Ko’rsatuvlar berishdan bosh tortganligi va bila turib yolg’on kursatuvlar berganligi uchun Jabrlanuvchi jinoiy javobgarlikka tortiladi (O’zR JPK, 54-55-moddalar).