Jadidchilik

Jadidchilik (Arabcha, jadid – yangi) — 19-asr oxiri 20-asr boshida Turkiston, Kavkaz, Qrim, Tatariston hayotida muhim ahamiyat kasb etgan ijtimoiy-siyosiy, ma’rifiy harakat. Jadidchilik dastlab 19-asrning 80-yillarida Krimda Ismoilbek Gasprinskiy rahbarligida Qrim tatarlari o’rtasida vujudga keldi. Jadidchilik harakati namoyandalari ko’pincha o’zlarini taraqqiyparvarlar, keyinchalik jadidlar deb atashgan. O’sha davrning ilg’or taraqqiyparvar kuchlari, birinchi navbatda, ziyolilar mahalliy aholining umumjahon taraqqiyotidan orqada qolayotganligini his etib, jamiyatni isloh qilish zaruriyatini tushunib yetgandilar. Jadidchilik mohiyat e’tibori bilan avvalo siyosiy harakat edi. Uning shakllanish va mag’lubiyatga uchrash davrlari bo’lib, ularni shartli ravishda to’rtga bo’lish mumkin. Turkiston, Buxoro va Xiva hududida bu davrlar 1895-1905; 1906-16; 1917-20; 1921-29 yillarni o’z ichiga oladi. Birinchi davrda Turkistonda podsho Rossiyasining mustahkam o’rnashib olishi kuzatiladi. U o’z siyosiy agentlari (vakillari) yordamida mahalliy xon va Amir vakolatlarini cheklabgina qolmay, ularni qo’g’irchoqqa aylantirib, rus va G’arb sarmoyadorlarining ishlashi va yashashi uchun sharoit yaratadi, turli kompaniyalar, aktsiyadorlik jamiyatlari manfaatini ko’zlaydi. Ayni chog’da mahalliy aholining talab va ehtiyojlari nazarga olinmay qo’yildi, diniy e’tiqodlari, urf-odatlari bilan hisoblashmaslik, ularni mensimaslik kuchaydi. Hayotiy, ilmiy saviyasi yuqori bo’lgan qozilar tajribasiz kishilar bilan almashtirildi, poraxo’rlik, ijtimoiy-siyosiy adolatsizlik avj oldi. Madrasa va maktablar faoliyatini cheklash, mahalliy joy nomlarini ruscha atamalar bilan almashtirish, mahkama jarayonida qozilar bo’yniga xoch taqtirishgacha borildiki, yerli aholini bu xilda tahqirlash hollari mustamlakachilarning bedodligini yaqqol ko’rsatardi. O’sha davr ahvolini Muxammadali xalfa Sobir o’g’li (Dukchi eshon) xalqqa qarata o’z «xitobnoma»si (1898) da yaxshi bayon qilgan. Millat istiqbolini o’ylovchi taraqqiyparvar kuchlar xalqning deyarli barcha tabaqalari — hunarmand, dehqon, savdogar, mulkdor, ulamolar orasida mavjud edi. Ziyolilar dastlab chorizmga qarshi kurashni xalqni asriy qoloqlikdan uyg’otish — siyosiy-ma’rifiy jabhadan boshlashga qaror qildilar. Jadidchilik harakati ana shunday tarixiy bir sharoitda Turkiston mintaqasida rivojlanish uchun o’ziga qulay zamin topdi. Jadidlar orasidan yetuk olimlar, sanoat va ziroatchilik sohalarining zamonaviy bilimdon mutaxassislari, madaniyat arboblari etishib chiqib, yurtni obod va Vatanni mustaqil ko’rishni orzu qildilar va shu yo’lda fidoyilarcha kurashdilar. Jadidlarning Turkiston mustaqilligi uchun kurashida asosan quyidagi yo’nalishlar ustuvor edi: yangi usul maktablari tarmog’ini kengaytirish; qobiliyatli yoshlarni chet elga o’qishga yuborish; turli ma’rifiy jamiyatlar va teatr truppalari tuzish; gazeta va jurnallar chop qilish, xalqning ijtimoiy-siyosiy ongini yuksaltirish bilan Turkistonda milliy demokratik davlat qurish. Jadid ziyolilarining kuchli partiyasi tashkil qilingan taqdirdagina bu ishlarni amalga oshirish mumkin edi. Jadidchilikning asosiy g’oya va maqsadlari quyidagilar edi: Turkistonni o’rta asrlarga xos qoloqlik va diniy xurofotdan ozod etish, shariatni isloh qilish, xalqqa ma’rifat tarqatish, Turkistonda muxtoriyat hukumatini barpo etish uchun kurash, Buxoro va Xivada konstitutsiyasi monarxiya va parlament, keyinchalik demokratik respublika tuzumini o’rnatish orqali ozod va farovon jamiyat qurish, barqaror milliy valyutani joriy qilish va milliy qo’shin tuzish. Toshkent, Farg’ona, Buxoro, Samarqand va Xivada hur fikrli va taraqqiyparvar kishilarning ayrim guruhlari tomonidan ochilgan madaniy-ma’rifiy yo’nalishdagi jamiyat va uyushmalardan Jadidchilik harakati shakllandi. Turkistonda Jadidchilik harakatini vujudga keltiruvchilar tepasida Mahmudxo’ja Behbudiy, Abduqodir Shukuriy (Sha- kuriy), Saidahmad Siddiqiy—Ajziy (Samarqand), Munavvarqori Abdurashidxonov, Abdulla Avloniy, Ubaydulla Asadullaxo’jayev (Ubaydulla Xo’jayev), Toshpo’latbek Norbo’tabekov (Toshkent), Fitrat, Fayzulla Xo’jayev, Usmonxo’ja Po’latxo’jayev, Abdulvohid Burhonov, Sadriddin Ayniy, Abdulqodir Muhiddinov (Buxoro), Obidjon Mahmudov, Hamza, Cho’lpon, Isxoqxon Ibrat, Muqammadsharif So’fizoda (Farg’ona vodiysi), Polvonniyoz hoji Yusupov, Bobooxun Salimov (Xorazm) turardi. Turkiston mintaqasidagi Jadidchilik harakati, tarqalish joyi va yo’nalishiga ko’ra, uchga bo’linadi: Turkiston, Buxoro va Xiva jadidchiligi. Turkiston jadidlari bilan Buxoro va Xiva jadidlari o’rtasida bir muncha tafovut bor. Turkiston o’lkasidagi Jadidchilikning ijtimoiy asosini ziyolilar tashkil qildi. Ular chor Rossiyasi mustamlakachiligiga qarshi kurashning oldingi saflarida turib, chorizmning xom ashyo manbaiga aylantirilgan Turkistonning dastlab Muxtor, so’ng mustaqil davlat bo’lishini yoqlab chiqdilar. Buxorodagi Jadidchilik Turkistondagiga nisbatan og’ir ijtimoiy-siyosiy sharoitda yuzaga keldi. Uning tarkibi asosan Buxorodagi shahar aholisining taraqqiyparvar qismi: ziyolilar, mullavachchalar, mayda do’kondorlar va ma’murlar, hunarmandlar, savdogarlardan iborat edi. Jadidlarning dehqonlar va askarlar o’rtasida nufuzi avvaliga past bo’lgan. Jadidlar iqtisod va boshqaruv sohasida bir qator talablar, chunonchi, soliqlarni kamaytirish talabi bilan chiqishdi. Ular dastlab Buxorodagi amirlik tuzumi doirasida islohotlar joriy qilmoqchi bo’lishdi. Buxoroda vobkentlik dehqon Jo’raboy ilk yangi usul maktabini ochgan edi. Buxorodagi Jadidchilik harakatiga ayrim johil mullalar, har qanday yangilik va islohotlarning dushmani bo’lgan qadimiylar oqimi qarshi chiqdi. 20-asr boshlarida Buxoro jamiyati 2 guruhga: Ikrom domla rahbarligidagi taraqqiyparvarlar va Mulla Abdurazzoq boshchiligidagi qadimiylarga bo’lingan edi. 1908 yil «Buxoroi sharif shirkati» tuzilib, darsliklar nashr etish va kitob savdosi bilan shug’ullandi. Ahmadjon Hamdiy (Abusaidov), Usmonxo’ja Po’latxo’jayev (Usmon Xo’ja), Homidxo’ja Mehriy, Abdulvohid Burhonov, Abdulqodir Muhiddinov, Sadriddin Ayniy, Abdurahmon Sa’diy shirkatning tashkilotchilari edi. 1909 yil dekabrda jadidlar Buxoroda «Tarbiyai atfol» («bolalar tarbiyasi») maxfiy jamiyatini tuzishdi (asoschilari: Abdulvohid Burhonov, Homidxo’ja Mehriy, Ahmadjon Hamdiy, Mukammil Burhonov, Hoji Rafe). Bu jamiyat turkistonlik va buxorolik yoshlarni Istanbuldagi «Buxoro ta’mimi maorif jamiyati» bo’limiga o’qishga jo’natdi. Xorijdagi ta’lim yoshlar dunyoqarashida tubdan burilish yasadi. Jadidchilik Buxoro va Turkistonda bir vaqtda boshlangan bo’lsa ham, amirlikdagi og’ir muhit uning taraqqiyotini tezlashtirdi. 1910 yildan boshlab Buxoroda Jadidchilik harakati tashkiliy tus oldi va «Tarbiyai atfol» maxfiy jamiyati asosida partiya tashkil topdi. 20-asr boshlarida Xivada shakllangan Jadidchilik bir qadar boshqacharoq tarixiy shartsharoitda vujudga keldi. U bu yerda asosan ikkita oqimdan iborat edi. Uning o’ng oqimi xonlikda rivojlanayotgan savdo-sanoat korxonalari egalari hamda yirik boylarning vakillarini o’ziga birlashtirgan edi. Bu oqimga Xiva xoni Asfandie’rxonning bosh vaziri Islomxo’ja boshchilik qilgan. Jadidchilikning o’ng oqimi o’z oldiga mamlakatda xon hokimiyatini saqlab qolgan holda ijtimoiy-iqtisodiy islohotlar o’tkazish orqali erkin bozor munosabatlarining rivojlanishiga keng yo’l ochib berishni maqsad qilib qo’ygan edi. Xivada Jadidchilikning so’l oqimi esa mayda sarmoyadorlar, hunarmandlar va xalqning turli tabaqa vakillarini birlashtirgan bo’lib, qozikalon Bobooxun Salimov uning rahbari edi. Ular Xiva xonligida yangi usul maktablari tashkil qilish orqali xalq ommasining siyosiy faolligini o’stirish maqsadini qo’yishgan edi. 1904 yil «jamiyati xayriya» tuzilib, uning ko’magi bilan Xiva shahrida dastlabki yangi usul maktabi ochildi (1904 yil 10 noyabr). Xiva jadidlari ma’rifiy ishlar bilan kifoyalanib qolmasdan, xon tuzumiga qarshi kurash ham olib bordilar. Birinchi jahon urushigacha Xiva jadidlarining yagona markazi va dasturiy hujjatlari bo’lmagan. Birok Jadidchilik harakati Xiva xonligida katta ijtimoiy-siyosiy kuchga aylanib, 1914 yil avgustda u partiya shaklini olgan. 1904-05 yillardagi rus-yapon urushi, 1905-07 yillarda bo’lgan 1-rus inqilobi, 1905-11 yillardagi Eron inqilobi, 1908 yil Turkiyada bo’lgan yosh gpurklar inqilobi jadidlar dunyoqarashiga kuchli ta’sir ko’rsatdi. Jadidlar o’z gazeta va jurnallari, yangi usul maktablari, turli kutubxona va qiroatxonalar, havaskor teatr truppalari tevaragida to’planishar edi. Ularning ko’pchiligi shu davrning ko’zga ko’ringan ijodkorlari — shoiru yozuvchilar edi. Ular o’z asarlari bilan tarixan yangi milliy adabiyot yaratdilar. Adabiyot davr voqealariga hamohang bordi. 1910-yillardayoq ma’rifat va ozodlik g’oyalari uning Markaziy mavzuiga aylandi. Adabiyotga «millat» va «Vatan» tushunchalari kirib keldi. Milliy she’rlarga rag’bat kuchaydi. Yangi zamonaviy dostonchilik maydonga keldi, publitsistika (Behbudiy, Fitrat, Munavvarqori, Mirmuhsin) rivojlandi, realistik proza shakllandi. Shuning uchun ham bu davr adabiyoti O’zbekiston mustaqilligidan keyin haqli ravishda milliy uyg’onish davri o’zbek adabiyoti deb davrlashtirildi. Adabiyotdagi bunday uyg’onish, ayni vaqtda, shu davr madaniy hayotida ham ro’y berdi. Jadidlar o’zbek xalqi hayotiga tom ma’nodagi milliy teatrini olib kirdi. Milliy matbaaning vujudga kelishi bilan kitob bosish ishi yo’lga qo’yila boshlandi. Yevropa ko’povozli musiqa san’ati bilan tanishgan jadidlar o’zbek an’anaviy musiqa uslublarini ham isloh qilishga da’vat etishgan. 1919 yilda Toshkentning Eski shahar qismi (hozirgi «Turon» kutubxonasi yonidagi bino)da jadidlar tashabbusi bilan Turkiston xalq konservatoriyasining milliy (eski shahar) bo’limi tashkil etildi. Shu tarzda jadidlar san’at vositasi bilan millat kadrini ko’tarish, san’atning deyarli barcha turlarini yuksaltirishga intildilar («O’zbekiston Respublikasi» maxsus jildining tegishli bo’limlariga — adabiyoti, teatri, musiqasiga Jadidchilikning aksar vakillari yoshlarga dastavval liniy ta’lim bilan bir qatorda dunyoviy fanlarni o’qitish masalasini kun tartibiga qo’ydilar. Ular musulmon maktablarining ta’lim usuli va dasturlarini isloh qilib, yangicha usuldagi maktablarni ochdilar. Behbudiy, Munavvarqori, A. Burhonov, A. Avloniy va boshqa yangi usul maktablari uchun darsliklar yozib, nashr etishgan. Jadidchilik harakati davomida ularning o’z matbuoti shakllandi. Jadidlar Toshkentda 1905-06 yillarda «taraqqiy» (muharriri — Ismoil Obiliy), «xurshid» (muharriri — Munavvarqori), 1907-08 yillarda «Shuhrat» (muharriri — A. Avloniy), «Osiyo» (muxarriri — Ahmadjon Bektemirov), «Tujjor» (muharriri — Saidkarimboy Saidazimboy o’g’li), Buxoroda 1912 yilda «buxoroyi sharif» (muxarriri — Mirzo Jalol Yusufzoda), «Turon» (muxarriri — G’iyos Maxsum Husayniy), Samarqandda 1913 yilda «Samarqand» (muharriri — M. Behbudiy), Toshkentda «Sadoyi Turkiston» (muharriri — Ubaydulla Xo’jaev), Qo’qonda «Sadoyi Farg’ona» (muharriri — Obidjon Mahmudov) gazetalari va Samarqandda 1913— 15 yillarda «oyina» (muharriri — M. Behbudiy), Toshkentda 1915 yil «Al-isloh» (muharriri — Abdurahmon Sodiq o’g’li) jurnallarini nashr qilishdi. Shuningdek, 1917-18 yillarda Toshkentda «Najot» (muxarriri — Munavvarqori), «Kengash» (muharrirlari — Ahmad Zakiy Validiy va Munavvarqori), «Turon» (muharrirlari — M. Afandizoda, A. Avloniy), «ulug’ Turkiston» (muharriri — Kabir Bakirov), «Shuroy Islom» (muharriri — Abdulla Battol), «Turk so’zi» (muharriri — Temirbek Xudoyorxonov), «Turk eli» (taxriry’ati), Samarqandda «Hurriyat» (muharrirlari — Mardonqul Shohmuhammadzoda, Akobir Shomansurov, Fitrat), Qo’qonda «Tirik so’z» (muharriri — Obidjon Mahmudov), «el bayrog’i» (muharriri — Bo’lat Soliyev) gazetalari va «Kengash» (muharriri — Hamza), «yurt» (muharriri — Ashurali zohiriy) jurnallari chop qilindi. Matbuot millat dilidagi gaplarni o’z saqifalariga ko’chirish bilan kifoyalanmay, qanday ishlarni birinchi navbatda amalga oshirish masalasini o’rtaga qo’ydi. 1909 yilda Toshkent yosh ziyolilari tomonidan «jamiyati xayriya» tashkil etildi. Mahalliy yoshlardan davlat mahkamalarida, sanoat, tijorat sohasida ishlaydigan mutaxassislar tayyorlash, kambag’al musulmonlarga madaniy-ma’naviy yordam ko’rsatish masalasi qo’yildi. Bu millatning boshqa xalklar ichiga singib ketmasligi yo’lida ko’rilgan tadbirlar edi. Bu davrda jadidlar ijtimoiy-siyosiy kuch sifatida ko’rindilar. Xalq ularda o’z himoyachilarini qis etdi. Sirdaryo viloyatidan Peterburgda o’tadigan Davlat dumasiga a’zolikka saylangan Abduvohidqori Abduraufqoriyevga Toshkent, Chimkent va boshqa joylarning aholisidan 12 moddadan iborat talabnomani Davlat dumasiga topshirish yuklandi. Bu hujjatda ko’pgina ijtimoiy talablar ko’rsatilgan edi. Abduvohidqori 1907 yil 20 Fevral 3 iyunda Peterburgda Sadri Maqsudiy (1879-1957), Muso Jorilloh, Alimardon To’pchiboshev kabi musulmon ziyolilari bilan tanishib, musulmon fraktsiyasining raisi Biglovga Turkiston xalqi dardini yetkazdi. Biroq Abduvohidqori, oradan ko’p o’tmay, qamoqqa olindi va Tulaga surgun qilindi. Illy tarzda, Jadidchilik harakati 1906-16 yillarda o’zining asosiy yo’lini belgilab oldi. Jadidlarning nashrlari xalqni yangi davr boshlangani bilan tanishtirar ekan, o’zligini anglab, uyushishga chaqirdi. O’lka moddiy va ma’naviy boyliklari talanayotganini oshkor qildi. Cho’lpon she’r va maqolalarida mustamlakachilarning asl qiyofalarini ochib tashladi. Mashhur advokat U. Xo’jayev oliy o’quv yurtini tashkil etish, soliqlarni tartibga solish, bolalar tarbiyasiga jiddiy e’tibor berish masalasini bayon qildi. Lev Tolstoy bilan fikrlashish chog’ida mashhur yozuvchini yon berishga majbur etgan U. Xo’jayev chor hukumati ma’murlarining poraxo’rligi va zolimligini fosh etib, ayrimlarini davlat ishidan chetlatishga erishdi. Musulmon aholisiga amaliy tarzda yordam berib, mavjud hokimiyat qonun-qoidalarini tushuntira bordi. Jadid matbuoti o’z vakillarining fikrlarini e’lon qilar ekan, xalqni «har vaqt g’aflat uyqusidan uyg’otuvchi» «millat ongining ochqichi» ekanligini namoyon etish bilan birga Turkiston xalqini hur fikrlashga va katta siyosiy kurashga hozirlay oldi. Bu davrda «Erk», «Turon», «o’qituvchilar jamiyati» kabi uyushmalar paydo bo’ldi. Munavvarqori aytganidek, «ularning butun umidi Rossiyadagi inqilob jarayonida mahalliy aholini milliy, diniy cheklash va jabrlashdan ozod qilish, ularning haq- huquqlarini ovrupoliklar bilan tenglashtirish, xilma-xil maktab va matbuot ishlari xamda turli-tuman jamiyatlar tashkil etishga keng imkoniyat yaratib berishga qaratilgan edi». Jadidlar bu davrda «Ozodlik, tenglik va adolat» shiori ostida ishladilar. Ularning 1916 yil mardikorlikka olish voqeasiga munosabati g’oyatda e’tiborga molikdir. Mardikorlikka olish — Birinchi jahon urushi ketayotgan joylardagi ishlarga turkistonliklarni jalb qilish oq podshoning 1916 yil 25 iyun farmoniga muvofiq amalga oshirildi. Bu kutilmagan tadbir, birinchidan, 1865 y. shartnomasiga zid edi. Ikkinchidan, general Kuropatkin (1848— 1925)ning xulosasiga karaganda, «aholi va ma’muriyat turar joydan tashqaridagi ishlarga mutlaqo tayyorlanmagan va bunday shoshilinch amalga oshirilgan tadbir og’ir tartibsizliklarni keltirib chiqargan». Aholi uchun ana shunday musibatli paytda jadidlarning ko’zga ko’ringan namoyandalaridan U. Xo’jayev («Turkiston mardikorlikka olish qo’mitasi» raisi) va millatparvar boy Mirkomilboy Mirmo’minboyev Rossiya jamoatchiligining e’tiborini bu masalaga jalb etish, farmonni bekor qildirish uchun Peterburgga yo’l oldilar. Davlat dumasining 1916 yil 13 va 15 dekabr kunlari o’tgan majlisida Nikolay II ning 25 iyun farmoni Rossiya imperiyasining qonunchiligida ko’rsatilgan hollarga zid ravishda qabul qilingani tan olindi. Farmon Dumada muhokama qilingunga qadar iyun—avgust oyida jadidlar harakati orqali bir necha eshelon to’xtatib qolindi. Jadidlarning mardikorlarni qaytarishga urinishlari 1917 yil Fevral inqilobi boshlanishi bilan to’la amalga oshdi. Bu hodisa el orasida ularning obro’sini ko’tardi. Mazkur holat jadidlar ma’rifatparvarlikdan siyosiy kurashga allaqachon o’tganliklarini bildirar edi. 1917 yil Jadidchilik harakati o’zining yangi bosqichiga qadam qo’ydi. Fevral inqilobidan so’ng o’zbek, tatar va qozoqlar birlashishga axd qiladilar va «Turon» uyushmasi zaminida «shuroy Islomiya» jamiyati tuzildi (asoschilari Munavvarqori, Abduvohidqori Abduraufqoriev, U. Xo’jayev). 1917 yil 14 martda ish boshlagan bu jamiyat qishloq va shaharlarga targ’ibotchilar yuborib, ozodlik, tenglik haqida tushuntirish olib borish, saylov to’g’risida ma’lumot berish bilan shug’ullandi. Uning dasturini Munavvarqori yozgan edi. Jadidlar joylarda «Shuroy Islomiya» tizimi yaratilishining tashabbuskori bo’ldilar. Turkistonga muxtoriyat maqomini berish harakati Turkiston mustaqilligi uchun kurashga aylandi. Turkiy xalqlarni birlashtirish g’oyasi kun tartibidan mustaxkam o’rin oldi. O’zbek, qozoq, qirg’iz, qoraqalpoq, boshqird, tatar, turkman kabi negizi bitta xalqlarni birlashtirish va shu asosda Federativ yoki muxtoriyatli davlat qurish masalasi bo’y ko’rsata bordi. Ammo, Munavvarqori so’zi bilan aytganda, ko’pgina kishilar jumhuriyat bilan muxtoriyat o’rtasidagi farqni tushunmagan edi. Xususan, Turkiston namoyandalari chin ma’nodagi respublikani barpo etish va uning davlat tarkibini tashkil etishga to’liq tayyor bo’lishmagan. Qozoq va boshqird namoyandalari — Mustafo Cho’qay, Zakiy Validiy va b. Peterburg ularga hech qachon mustaqillik ham, muxtoriyat ham bermasligini sezgach, Turkistonga kelib, mahalliy jadidlar bilan birga ish boshladilar. Toshkentda «Sho’roi Islomiya», «Turon», «Sho’roi ulamo», «Ittifoqi muslimin», Qo’qonda «G’ayrat», Buxoroda yosh buxoroliklar, Xivada yosh xivaliklardan tashqari, Samarqandda «Ittifoq», «Mirvaj ul-Islom», «Miftah ul-maorif» kabi tashkilotlar faoliyat ko’rsata boshladi. Bularning ijtimoiy-siyosiy yo’nalishini belgilashda Munavvarqori, U. Xo’jayev, M. Behbudiy, A. Zohiriy, A.Z.Validiy, Mustafo Cho’qay, Fitrat, F. Xo’jayev, U. Po’latxo’jayev, Sherali Lapin, M. Mirmo’minboyev, O. Mahmudov, Polvonniyoz hoji Yusupov, T. Norbo’tabekov va boshqalar faollik ko’rsatdilar. «Sho’roi Islomiya»ning tashabbusi bilan 1917 yil 16-22 aprel kunlari butun Turkiston musulmonlarining 1-qurultoyi chaqirildi. Qurultoy ishtirokchilari bir qancha masalalar qatorida Turkiston o’lkasining davlat maqomi masalasini ham muhokama qildilar. 1-qurultoyda Turkiston o’lka musulmonlari Sho’rosi (Kraymussovet) — Milliy markazni tashkil etishga qaror qilindi. Milliy markazga rais bo’lib Mustafo Cho’qay, unga o’rinbosarlar qilib Validiy va U. Xo’jayev saylanadi. Bu esa tashkilotlarni birlashtirish bilan birga milliy ozodlik harakatini izga solib, tashkiliy jihatdan markazlashtirar edi. Milliy markazning 1917 yil 12 iyunda bo’lib o’tgan yig’ilishida barcha jamiyat va uyushmalarning Markaziy musulmon deputatlari sho’rosiga bo’ysunishi haqida Nizom qabul qilinadi. Markazning maqsadi xalqning eng quyi qatlamlari — mardikor va dehqonlarga to’liq huquq berish va Turkiston musulmonlarini madaniy, ilmiy, iqtisodiy va g’oyaviy tarbiyalash edi. 1917 yil aprel—iyun oylari orasida jadidlar ko’pgina siyosiy masalalarni va ularga o’z munosabatlarini belgilab oldilar. Pirovardida hududiy muxtoriyat uchun siyosiy vaziyat pishib yetilganini anglab yetdilar. 1917 yil 1 — 11 mayda Moskvada bo’lgan butun Rossiya musulmonlarining 1-qurultoyi bergan turtki natijasida muxtoriyat masalasi yanada jiddiylashdi. 1917 yil 12-14 iyulda Farg’onada bo’lib o’tgan musulmon tashkilotlarining qurultoyida dasturiy masalalar ko’rib chiqildi. Unda «Turk Adami Markaziyat (Federalistlar)» firqasining dasturi (maromnomasi) va 22 moddadan iborat Nizomi qabul qilindi. 1917 yil 17-20 sentabrda Toshkentda bo’lib o’tgan Turkiston va Qozog’iston musulmonlarining qurultoyida «Shuroy Islomiya» va «Sho’roi ulamo», «Turon» va boshqa siyosiy tashkilotlarni birlashtirish yo’li bilan «Ittifoqi muslimin» siyosiy partiyasini tuzishga kelishildi. Turkistonni boshqarish shakli to’g’risidagi masala 1917 yil 26-28 noyabrda Qo’qonda bo’lgan Turkiston o’lka musulmonlarining favqulodda 4-qurultoyining diqqat markazida turdi. Muxtoriyat va mustaqillikni e’lon qilish fikrini hamma qo’llab- quvvatladi. Turkiston Muxtoriyati hukumati (raisi — Muhammadjon Tinishboyev, so’ngra Mustafo Cho’qay) tashkil qilindi. Fitrat, Cho’lpon, Hamza singari Otashqalb jadid shoirlari Turkiston Muxtoriyatini alqab, o’tli satrlar bitishdi. 1918 yil Fevralda Turkiston Muxtoriyati bolsheviklar tomonidan qonga botirilgach, Jadidchilik harakati kuchli o’zgarishga uchradi. Sovet rejimi bilan murosa qilishni xohlamagan Turkiston jadidlarining katta qismi istiqlolchilik harakati saflarida va yashirin milliy tashkilotlarda faoliyat ko’rsatgan bo’lsa, ayrimlari sovet hukumati idoralarida ish boshlashga majbur bo’ldilar. Buxoro amirligi va Xiva xonligida ahvol sal boshqacharoq kechdi. 1920 yilda qizil armiya har ikki davlat hududiga bostirib kirdi. Buxoro Xalq Sovet Respublikasi va Xorazm Xalq Sovet Respublikasi tuzilib, jadidlar hokimiyat tepasiga kelishdi. Demak, 1920 yildan Jadidchilik harakati o’z taraqqiyotining yangi bosqichiga, ya’ni sovetlar bilan murosa yo’liga qadam qo’ydi. 1920 yil 1-7 sentabrda Bokuda Sharq xalqdari qurultoyi chaqirildi. Qurultoyda qabul qilingan qarorlar Turkiston xalqlarining keyingi taqdirida muayyan rol o’ynadi. Unda Munavvarqori, Turor Risqulov, Cho’lpon, Sapimxon Tillaxonov, Rajab Muhamedov, Qudratilla Yunusov, Toshpo’latbek Norbo’tabekov, Obidjon Mahmudov, To’raqul Jonuzoqov, Zayniddin qori Nasriddinov, Hoji Safo Jo’raboev, G’ozi Yunus kabi turkistonlik millat fidoyilaridan jami 90 kishi ishtirok etdi. Qurultoy ishida Turkiyadan kelgan va shaxsan Leninning o’zi yuborgan Anvar Posho ham qatnashdi. Birok, mazkur qurultoy bolsheviklarning Angliyaga qarshi qaratilgan do’q-po’pisasi ekanligi majlislarda ayon bo’ldi. Shu bois turkistonlik 40 nafar delegat qurultoy tugagach, o’zaro kengash o’tkazib, unda «Turkistondagi sovet hokimiyatiga qarshi tashviqot ishlari»ni avj oldirishga va «Oktyabr inqilobining uch yilligi kunida umumxalq qo’zg’oloni ko’tarish»ga axd qildilar. Biroq, ularning bu rejasi to’liq amalga oshmadi. Turkiston jadidlari faoliyati butun o’lkani qamraydigan, inglizlarning skauting maktab dasturiga yaqin dastur asosida ishlaydigan «Turon kuchi», «Turk kuchi», «Temur», «Izchilar», «Lochin» kabi guruhlarni tuzdilar. Bu guruhlar o’rta maktab ta’limi, hunar, san’atdan tashqari, harbiy mashqlar bilan shug’ullanib, sho’rolarga asosiy zarba beruvchi kuch sifatida ko’rina boshladi. 1920 yil sovet rejimi bu guruhlar faoliyatini tugatdi. Farg’ona va Toshkentdagi voqealar yakuni jadidlarning umidlarini so’ndira olmadi. Ular Buxoro Respublikasi rahbarlari bilan bir yoqadan bosh chiqarib, ish boshladilar. Buxoroda Jadid taraqqiyparvarlar firqasi tuzildi. Bu firqa dasturiga ko’ra, davlatni jumhuriyat raisi (prezident) va parlament boshqarishi ko’zda tutilgan edi. 1921 yil 2-5 avgustda Buxoroda Validiy boshchiligida Turkiston milliy birligi tashkiloti tuzildi. U istiqlolchilik harakatini jipslashtirishda muhim rol o’ynaydi. Turkiston milliy birligi tashkiloti bilan Munavvarqori rahbarligidagi «Milliy Ittihod» (1919 yil tuzilgan) tashkiloti o’zaro hamkorlikda faoliyat ko’rsatdi. Har ikki tashkilotning asosiy maqsadi Buxoro Respublikasi, umuman, Turkiston mintaqasini sovetlashtirish va ruslashtirish ta’siridan saqlab qolish, Turkistonning mustaqilligiga erishish bo’lgan. 1925 yil «Milliy Ittihod» tashkiloti asosida «Milliy istiqlol» tashkiloti tuziladi. Jadidchilik harakatining so’nggi yillari faol siyosiy kurashlar bilan ajralib turmaydi. Bu davrda sovet rejimi turli siyosiy ishlar («o’n sakkizlar guruhi», «Inog’omovchilik», «Qosimovchilik», «Badriddinovchilik» va boshqalar) tuzib, milliy ziyolilarni ommaviy ravishda qatag’on qilishga kirishdi. 1929 yil noyabrda Munavvarqori boshchiligidagi 38 kishining qamoqqa olinishi (keyinchalik ularning soni 87 kishiga yetgan) bilan Jadidchilik harakatiga kuchli zarba berildi. Biroq istiqlol g’oyasi o’z kuchida qolaverdi. Jadidchilik harakati siyosiy ma’rifatparvarlikdan jadid taraqqiyparvarlar firqasi darajasiga ko’tarila oldi. Bu harakat hamda firqa a’zolari o’z faoliyati va dasturiga ko’ra, sho’ro adabiyotlarida aytilganidek, «bir hovuch boylar manfaatiga xizmat qiluvchi Liberal burjuaziya vakillari» emas, balki Turkistonning barcha xalqlari takdirini o’ylab ish ko’rgan demokratik jarayonning eng savodli, olijanob namoyandalari edi. Turkistonda sovet hokimiyati zo’ravonlik yo’li bilan o’rnatilgach, jadidlarning bir qismi faol siyosiy hayotdan chetlashib, fakat badiiy ijod bilan shug’ullandi (A. Burxonov, A. Avloniy, S. Ayniy va boshqalar). Ayrim jadidlar sovet idoralari madaniy-ma’rifiy shoxobchalarida mehnat qilishdi (U. Xo’jayev, Munavvarqori, Hamza, S. Tursunxo’jayev, T. Norbo’tabekov va boshqalar). Ba’zi jadidlar «mahalliy kommunistlar» sifatida yuqori davlat va hukumat lavozimlarida ishlashni davom ettirdi (Fayzulla Xo’jayev, Abdulqodir Muhiddinov, Nizomiddin Xo’jayev va boshqalar). Ayrim jadidlar bo’lsa, Turkistondagi istiqlolchilik harakati saflariga borib qo’shildi va xorijga muhojirlikka jo’nab ketdi (Usmonxo’ja Po’latxo’jayev, Sadriddinxon Sharifxo’jayev, Abdulhamid Oripov va hokazolar). Jadidchilik harakatining barcha taniqli namoyandalari (S. Ayniydan tashqari) 30-yillarda sovet mustabid rejimi tomonidan amalga oshirilgan qirg’in natijasida halok bo’ldi. Jadidchilik harakatiga sovet davrida «millatchilik», panturkizm, panislamizm tamg’alari bosilib, nohaq qoralandi. Jadid adabiyotini o’qish taqiqlandi. O’zbekistan Respublikasi mustaqillikka erishgach, Jadidchilik harakati va uning namoyandalari nomiga erishtirilgan tavqi la’nat va soxta yorliklar olib tashlanib, ularning asl nomlari qayta tiklandi. Tarixchi, adabiyotshunos, tilshunos, faylasuf, huquqshunos, san’atshunos va pedagog olimlar jadidlarning boy ilmiy va adabiy merosini o’rganishda dastlabki natijalarni qo’lga kiritishdi. Mustaqillik yillarida Fitrat, Cho’lpon, A. Avloniyning 2 jildli, Behbudiy, Abdulla Qodiriy, Sidqiy Xondayliqiy, Ibrat, Ajziy, So’fizodaning 1 jildli, shuningdek, Fayzulla Xo’jayev, Munavvarqori, P. Yusupovning asarlari chop qilindi. Jadidlarning 20 ta mashhur vakili kiritilgan «unutilmas siymolar. Jadidchilik harakatining namoyandalari» (T., 1999) albom-kitobi nashrdan chiqdi. Ularning serqirra faoliyati darslik va qo’llanmalarga kiritildi. 1999 yil 16— 18 sentabrda Toshkentda «Markaziy Osiyo 20-asr boshida: islohotlar, yangilanish, taraqqiyot va mustaqillik uchun kurash (Jadidchilik, Muxtoriyatchilik, Istiqlolchilik)» mavzuida xalqaro konferentsiya o’tkazilib, unda AQSh, Germaniya, Frantsiya, Italiya, Niderlandiya, Turkiya, Rossiya, Hindiston va boshqa mamlakatlardan kelgan nufuzli olimlar Jadidchilik va istiqlolchilik harakatlari to’g’risida jahon ilm-fanida to’plangan so’nggi xulosalar yuzasidan o’zbekistonlik hamkasblari bilan o’zaro fikr almashdilar. Jadidchilik harakati jahonshumul ahamiyatga molik hodisa ekanligi e’tirof qilindi. Konferentsiyada ushbu muammoni tadqiq qiluvchi xalqaro ilmiy kengash tuzildi. Ad.: Ayniy S, Buxoro inqilobi tarixi uchun materiallar, M., 1926; Risqulov T., Revolyusiya i korennoe naselenie, T., 1926; 3 i yo Sayd, O’zbek vaqtli matbuotiga oid materiallar (1870-1927), T., 1927; Programmnie dokumenti musulmanskix politicheskix partiy (1917-1920), Oksford, 1985; revolyusiya v Sredney Azii glazami musulmanskix bolshevikov, Oksford, 1985; Politicheskaya jizn russkix musulman do fevralskoy Revolyusii, Oksford, 1987; Mustafo Cho’qay o’g’li, Istiqlol jallodlari, T., 1992; Cho’lpon, asarlar, 1 — 2-j.lar, T. 1994; Rajabova R. va b., O’zbekiston tarixi (1917-1993 y.), T., 1994; Xo’jaev F., Buxoro inqilobining tarixiga materiallar, T., 1997; Validiy, Bo’linganni bo’ri er (xotiralar), T., 1997, Avloniy A., Tanlangan asarlar, 1-2-j.lar, T., 1998; O’zbekiston tarixi: yangi nigoh. Jadidlar harakatidan milliy mustaqillikka qadar, T., 1998; jadidchilik: islohot, yangilanish, mustaqillik va taraqqiyot uchun kurash, T., 1999; Behbudiy M., Tanlangan asarlar, T., 1999; Fitrat, Tanlangan asarlar, 1-2-j.lar, T., 2000; Alimova D., Djadidizm v Sredney Azii. Puti obnovleniya, reformi, borba za nezavisimost, T., 2000; O’zbekistonning yangi tarixi. 1-kitob [Turkiston chor Rossiya- si mustamlakachiligi davrida], T., 2000; 2-kitob [O’zbekiston sovet mustamlakachiligi davrida], T., 2000; Yusupov P., Yosh xivaliklar tarixi (xotiralar), Urganch, 2000; Turkestan v nachale XX veka: k istorii istokov nasionalnoy nezavi- simosti, T., 2000; Abdurashidxonov M., Xotiralarimdan, T., 2001; O’zbekiston davlatchiligi tarixi ocherklari, T., 2001; Markaziy Osiyo XX asr boshida: islohotlar, yangilanish, taraqqiyot va mustaqillik uchun kurash, T., 2001. Sirojiddin Ahmedov, Qahramon Rajabov.