Ja’far as-sodiq, Ja’far ibn Muhammad Abu Abdulloh

Ja’far as-sodiq, Ja’far ibn Muhammad Abu Abdulloh (taxminan 700— Madina — 765) — shialikdagi ja’fariylik mazhabi asoschisi, shialarning 6-imomi. «Sodiq» laqabini to’g’ri so’z bo’lganligi uchun olgan. Ja’far as-sodiq shajarasi ota tomondan hazrat Aliga, ona tomondan hazrat Abu Bakr Siddiqqa borib taqaladi. Ja’far as-sodiq siyosiy faoliyatda mutlaqo qatnashmadi, imomlikka da’vogarlik ham qilmadi. U hokimiyat uchun qurolli kurash olib borishning dushmani edi, o’z qarindoshlarining chiqishlarini (739-740 yillarda Zayd ibn Alining Kufada, 762 yil Muhammad an-Nafs az-Zakiyning Xijozda) qoraladi. Lekin diniy fanlar (hadislar, tafsir, fiqx)ni o’rganishda oilaviy an’anani davom ettirdi va «mo»tadil» shialarning ma’naviy rahbari bo’lib qoldi. U fiqx va ilohiyot masalalari muhokama qilinadigan majlislar tashkil etardi. Rasululloh avlodlari (axli bayt)ning eng ko’zga ko’ringan olimlaridan biriga aylanadi. Ja’far as-sodiq din usullarini ishlab chiqqan, uning kimyoga oid bir necha risolalari bo’lgan. Hozirgi ba’zi musulmon ulamolari Ja’far as-sodiq «Arab ilmiy an’anasining otasi» degan fikr bildiradilar.