Jahon merosi

Jahon merosi – butun insoniyat mulkini tashkil etuvchi buyuk madaniy va tabiiy yodgorlik (boylik)lar. 1972 yil YUNESKO Jahon madaniy va tabiiy yodgorliklarini saqlash to’g’risidagi konventsiyani qabul qilgan (1975 yildan kuchga kirgan). Konventsiyani ratifikasiya qilish (1992 yil boshlari)da 123 mamlakat qatnashgan. Jahon merosi ro’yxatida 80 mamlakatning 358 qurilish maydoni (1992 yil boshlari): alohida me’moriy inshoot va ansambllar — Akropol, Amen va Shartr (Frantsiya)dagi soborlar, Misr ehromlari, Tojmahal, Borobudur qasri, Varshavaning tarixiy markazi, Moskva Kremli va qizil maydoni (Rossiya) va boshqalar; shaharlar — Braziliya, Venesiya (qo’ltiqlari bilan birga) va boshqalar; arxeologik qo’riqxonalar — Del’fa va boshqalar; milliy bog’lari va boshqalar. Hududlarida Jahon merosi joylashgan davlat yodgorliklarni saqlashga javobgardir. Jahon merosi o’z nishoni (emblema, 1978 yil tasdiqlangan) va jamg’armasiga ega. YUNESKOning Jahon merosi ro’yxatiga dunyo bo’yicha 721 ta madaniy va tabiiy yodgorliklar kiritilgan (2002). Bular ichida O’zbekiston (1993)dan Xivada Ichan qal’a (1990). Buxoro, Shahrisabz (2000) va Samarqand (2001)ning tarixiy markazlari bor.