JAHON SAVDO PALATASI

JAHON SAVDO PALATASI (International Chamber of Commerce, ICC) — jahon ishbilarmon va tadbirkorlar doiralari va birlashmalari federatsiyasi. 1919-yil Atlantik Siti (AQSH)da o’tkazilgan xalqaro savdo konferensiyasida tuzilgan. 1920-yildan boshlab faoliyat ko’rsatadi. 100 dan ortiq mamlakat milliy Savdo palatalarini birlashtiradi. Sobiq SSSRda 1932-yilda tuzilgan Butunittifoq savdo palatasi JSP ga a‘zo bo’lgan va 1959- yilda boshqa ittifoqdosh respublikalar kabi O’zbekistonda ham bu palataning respublika bo’limi tuzilgan (1972-90-yillarda savdo-sanoat palatasi). JSP xalqaro tijorat faoliyati standartlarini, xalqaro iqtisodiy siyosat va tajribalar asosida tavsiyalarni ishlab chiqadi, turli mamlakatlar ishbilarmonlarining hamkorligini yo’lga qo’yadi, xalqaro iqtisodiy muammolarni hal etishga ko’maklashadi va boshqalar JSP tarkibida 15 xalqaro komissiya, ixtisoslashgan maxsus organlar (xalqaro arbitraj sudi, xalqaro savdo palatalari byurosi va boshqalar) ishlaydi. Idorasi Parijda joylashgan.