JAHON SOG’LIQNI SAQLASH TASHKILOTI

JAHON SOG’LIQNI SAQLASH TASHKILOTI — xalqaro tibbiy tashkilot; BMTning ixtisoslashgan maxsus muassasasi. 1945-yil fevralda BMT konferensiyasida Jahon sog’liqni saqlash tashkilotini tuzish to’g’risida qaror qabul qilingan edi. 1946-yilda sog’liqni saqlash bo’yicha Nyu-Yorkda o’tkazilgan Xalqaro konferensiyada BMTga a‘zo 26 ta mamlakat tashkilot ustavini ratifikatsiya qilgach, Jahon sog’liqni saqlash tashkiloti tuzildi (1948.7.4). Shu kun butun dunyoda sihatsalomatlik kuni sifatida nishonlanadi. Tashkilot o’z oldiga «hamma xalqlarning iloji boricha sog’-salomat bo’lishiga erishish»ni maqsad qilib qo’ygan. Jahon sog’liqni saqlash tashkiloti kasalliklarga qarshi kurash olib boradi, ularni tugatish tadbirlarini ko’radi; atrof muhit muhofazasi, yuqumli va yuqumsiz kasalliklarga qarshi kurash uchun xalqaro standartlar belgilash, dori moddalar sifati va qo’shimcha ta‘siri hamda narkotik moddalar ustidan xalqaro nazorat o’rnatish; tibbiyot fanining eng muhim masalalari bo’yicha hamda sog’liqni saqlash sohasidagi tadqiqotlarni koordinatsiyalash va ularni o’tkazishga ko’maklashadi. Jahon sog’liqni saqlash tashkiloti xalqaro karantin sohasida qator tadbirlarni amalga oshiradi: chechak, vabo va boshqalar bilan kasallanish hollari to’g’risida mamlakatlarga o’z vaqtida xabar beradi. Tashkilot tarkibiga 6 mintaqviy tashkilot kiradi. Ular har birining o’z ijroiya organlari va mintaqviy byurolari bor. Jahon sog’liqni saqlash tashkilotining oliy organi – Jahon sog’liqni saqlash assambleyasini mamlakatlar saylaydi, uning sessiyasi-yil sayin chaqirib turiladi. Jahon sog’liqni saqlash tashkilotining markaziy ma‘muriy organi – Sekretariatga (shtab kvartirasi Jenevada) general direktor rahbarlik qiladi. Tashkilot mablag’ining asosiy manbai unga a‘zo bo’lgan davlatlardan tushadigan badal pulidir. Jahon sog’liqni saqlash tashkiloti jurnallar, byulletenlar, nomuntazam nashrlar chop etadi. Jahon sog’liqni saqlash tashkilotining O’zbekistondagi vakolatxonasi 1995-yildan O’zbekiston sog’liqni saqlash vazirligi binosida faoliyat ko’rsatadi.