«Jahongirnoma»

«Jahongirnoma», «Tuzuki Jahongiri» («Jahongir tuzuklari») — Boburiylardan Jahongirshohning asari. «Jahongirnoma» uslubi va tuzilishi jihatdan «Boburnoma»ga o’xshash, fors tilida yozilgan. Asarda 17-asrning 1-choragida Hindistonda bo’lib o’tgan siyosiy voqealar, Dekandagi xonliklarning bo’ysundirilishi, Hindistonning tabiati, o’simlik va hayvonot dunyosi, shahar va o’lkalarning iqtisodiy, madaniy hayoti, me’morligi, mashhur olim va shoirlari haqida qimmatli ma’lumotlar berilgan. Musavvir Abulhasan «Jahongirnoma»ning birinchi nusxasiga muallifning rasmi va boshqa miniatyuralarni mohirona chizgan. «Jahongirnoma»ga Jahongirshohning she’riy misralari ham kiritilgan. Asarda saroy hayoti, hind xalqlarining urf-odati, hind-musulmon masalalari ustida ham birmuncha fikr yuritilgan. «Jahongirnoma» Hindiston, Movarounnahr va Eron o’rtasidagi iqtisodiy, siyosiy va madaniy munosabatlar to’g’risidagi ma’lumotlarga boy manbadir.