Jakeriya

Jakeriya (Jacquerie, «Jacques Bonhomme «so’zidan — «Jak go’l» — dvoryanlar tomonidan dehqonlarga berilgan kamsituvchi laqab) — Frantsiyada 1358 yil mulkdorlarga qarshi ko’tarilgan dehqonlar qo’zg’oloni. Jakeriya Yuz yillik urush (1337-1453) natijasida vujudga kelgan iqtisodiy tanglik, yollangan askarlarning talon-toroji va yangi soliqlar solinishi tufayli kelib chiqqan. Qo’zg’olon 28 mayda Bovezi viloyatidan boshlandi. Jakeriya ishtirokchilari, asosan, dehqonlardan iborat bo’lib, aholining boshqa tabaqalari ham qatnashgan. Qo’zg’olonchilarga Gilom Kal boshchilik qilgan. Navarra qiroli Karl 10 iyunda Jakeriya rahbarlarini muzokaraga chaqiradi. Muzokara paytida G. Kal xiyonatkorona qo’lga olinib, qattiq qiynoqlardan so’ng boshi tanasidan judo qilinadi. Karl qo’shinlari to’satdan qo’zg’olonchi dehqonlarga hujum qilib ularni tor-mor keltiradi. 20 mingdan ziyod dehqonlar qirib tashlangan. Rahbarsiz, uyushmagan va aniq rejasi bo’lmagan Jakeriya yengiladi. U dehqonlarni shaxsiy qaramlikdan ozod bo’lishlariga imkon yaratgan.