Jalatorsoy
Jalatorsoy – Samarqand viloyati Qo’shrabot tumanidagi soy. Qalamjarsoy (Selsoy)ning o’ng irmog’i. Nurota tog’tizmasining tarmog’i — Qoranko’l tog’larining Janubiy yon bag’ridagi buloqlardan boshlanadigan 30 ga yaqin mayda irmoqning qo’shilishidan hosil bo’ladi. Jalator qishlog’i yonida Jalatorsoyga chapdan uzunligi 9 kilometr bo’lgan Oydinsoy qo’shiladi. Quyi oqimda Jo’shsoy ham deyiladi. Uzunligi 21 kilometr, havzasining maydoni 71 km2. Oqmachit qishlogi yonida Kattasoy bilan qo’shilib, Qalamjarsoyni hosil qiladi. Jalatorsoy asosan mavsumiy qor, yomg’ir va buloq suvlaridan to’yinadi. Yillik oqimining 60-70% Fevral—aprelda oqib o’tadi, boshqa vaqtlarda suvi juda kamayib ketadi, ba’zan qurib qoladi. O’rtacha yillik suv sarfi 120-150 l/sek.