Jamiyatning siyosiy tizimi
Jamiyatning siyosiy tizimi — davlat sifatida tashkil topgan jamiyatning muayyan siyosiy vazifalarni amalga oshiruvchi ijtimoiy muassasalari majmui. Davlat, partiyalar, kasaba uyushmalari, diniy tashkilotlar, shuningdek, siyosiy maqsadlarni ko’zlovchi barcha tashkilot va harakatlarni o’z ichiga oladi. Jamiyatning siyosiy tizimining bosh bug’ini davlatdir. Davlat jamiyatning ijtimoiy muassasalari huquqlari va qonuniy manfaatlariga rioya etilishini ta’minlaydi, ularga ijtimoiy hayotda ishtirok etish uchun teng huquqiy imkoniyatlar yaratadi. Siyosiy tizim — davlat ichki tuzilishi jihatlarining o’zaro aloqalari va ta’sirining eng muhim, doimiy xususiyat- larini ifodalovchi ijtimoiy-siyosiy munosabatlar tizimi ham bo’lib, siyosiy hokimiyatni, umuman davlat muassasalari tizimini va ularning asosiy tashkiliy shakllarini belgilab beradi. Siyosiy tizim har bir mamlakatning mavjud shart-sharoitlari bag’rida shakllanadi, odatda, mamlakat Konstitutsiyasida va boshqa qonun hujjatlarida mustahkamlab qo’yiladi. Jamiyat demokratlasha borgan sari siyosiy tizimning xilma-xil ko’rinishlari o’z faoliyatini namoyon eta boradi. Xalqning keng qatlami va turli yosh, kasb hamda soha vakillarining bu tizimda ishtirok etish imkoniyati kuchayadi. O’zbekistonning siyosiy tizimi O’zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasida, shu asosda qabul qilingan qonunlar hamda boshqa rasmiy hujjatlarda o’z ifodasini topgan, hokimiyatni qonun chiqaruvchi hokimiyat, ijrro etuvchi hokimiyat va sud hokimiyatiga taqsimlash tamoyili asosida tuzilgan. O’zbekistonda qonunda belgilangan tartibda ro’yxatdan o’tkazilgan kasaba uyushmalari, siyosiy partiyalar (O’zbekiston Xalq demokratik partiyasi (XDP), O’zbekiston Milliy tiklanish demokratik partiyasi, O’zbekiston Fidokorlar milliy demokratik partiyasi, O’zbekiston «Adolat» sosialdemokratik partiyasi), «Xalq birligi» harakati, yoshlarning «Kamolot» ijtimoiy harakati, diniy tashkilot va birlashmalar, ijtimoiy jamg’armalar faoliyat ko’rsatadi. Inson huquqlari bo’yicha vakil (ombudsman), inson huquqlari bo’yicha Respublika milliy markazining faoliyati inson huquqlariga rioya etishni umummillat darajasida rivojlantirishga qaratilgan. O’zbekistonning siyosiy tizimi hozirgi davrdagi ilg’or demokratik davlatlar tajribasini o’zida aks ettiradi.