Jammu va Kashmir

Jammu va Kashmir – Hindiston shtati (1947 yildan). Maydoni 222 ming km2. Hududning bir qismini Pokiston hukumati nazorat qilib kelmoqda. Ma’muriy markazi — Srinagar shahri, qishki qarorgohi — Jammu shahri. Jammu va Kashmir Hindistonning shimoli-g’arbidagi eng chekkasida joylashgan, g’arbda Pokiston, shimolda Afg’oniston, shimoli-Sharqda Xitoy bilan chegaradosh. Miloddan avvalgi 3-asrda imperator Ashoka davrida Jammu va Kashmirga budda dini kirib kelgan, keyinchalik Kushonlar hukmronlik qilgan davrda ham buddizmga e’tiqod qilingan. U yerda o’sha davrda hindu va budda madaniyatining uyg’unlashuvi vujudga keldi. 4-6-asrlarda Kashmir Guptalar davlati, so’ngra Ujjayn saltanati tasarrufiga o’tdi. 697-738 yillarda Kashmir hind hukmdorlarining eng mashhuri bo’lgan Lalitaditiya tuzgan davlat tarkibida bo’ldi. Islom Jammu va Kashmirga 13-14-asrlarda kirib borgan. 16-asr oxirlarida Jammu va Kashmir Boburiylar sulolasining vakili Akbar davlati tarkibiga kirgan. Aholisi 10,1 million kishi (2001). Asosiy tillari: kashmiri, dogri, gijri, urdu, Balti, paxari, Dadri, ladakhi. Shtat aholisining 66% musulmonlar bo’lib, Hindistonning musulmon aholisi eng ko’p bo’lgan shtati hisoblanadi. Aholining 30% ni hindular, 4% ni sikxlar va buddaviylar tashkil etadi. Tabiati. Jammu va Kashmir hududini shimoli- g’arbdan Janubi-sharqqa Qoraqurum va G’arbiy Himolay tog’larining tizmalari kesib o’tgan. Janubi-g’arbida, pirpanjal va katta Himolay tizmalari orasida Kashmir vodiysi joylashgan (o’rtacha balandligi 1600 metr). Tog’ yon bag’irlarida keng bargli va igna bargli o’rmonlar, tog’ tepalarida uzunligi 60-70 kilometrli muzliklar bor. Iqlimi tog’subtropik iqlim, qishi shimoli- sharqida sovuq, quruq, Janubi-g’arbida mussonli va iliq. Yirik daryolari: Hind daryosi va uning irmoqlari — Gilgit va Jalat. Gidroenergiya resurslariga boy. Kashmir vodiysi Jammu va Kashmirning eng obod qilingan va iqtisodiy jihatdan rivojlangan qismi. Xo’jaligi. Shtat aholisining 80% qishloq xo’jaligida band. Asosiy ekinlari: sholi, makkajo’xori, bug’doy. Sabzavotchilik, polizchilik va bog’dorchilikda (yong’oq, bodom, olma, nok, shaftoli va boshqalar) tovar mahsulot yetishtiriladi. Dorivor o’simliklar plantasiyalari bor. Yaylov chorvachiligi rivojlangan: qo’y, qoramol boqiladi. Aholi pillachilik bilan ham shug’ullanadi. Shtatda hunarmandchilik rivojlangan. 40 mingga yaqin mayda sanoat korxonasi bor. Pillakashlik va jun gazlama fabrikalari, duradgorlik va mexanika ustaxonalari, ko’n-charm va gilam korxonalari bor. Yog’och o’ymakorligi buyumlari ishlab chiqarish, gilam va shol ro’mol to’qish, kashta tikish, kumush buyumlari ishlab chiqarish, zargarlik buyumlari tayyorlash qadimdan keng tarqalgan. Temir yo’l Jammu shahrigacha qurilgan. Avtomobil yo’llarining uzunligi 12,7 ming kilometr. Shtatda 3 ta aeroport bor: Srinagar, Jammu, Lex. Jammu va Kashmirdan mamlakatning boshqa rayonlariga yog’och-taxta chiqariladi. O’rmonlarda smola yig’ib olinadi. Mo’ynali hayvonlar ovlanadi. Kashmir vodiysi iqlimining yumshoqligi va manzarali joylarning ko’pligidan xalqaro turizmning muhim markazlaridan.