Janubiy Afrika
Janubiy Afrika – Afrikadagi tabiiy oblast. Kongo-Zambezi suvayirg’ich platosidan Janubda. Maydoni 5 million km2 atrofida. G’arbdan Atlantika, sharqdan Hind okeanlari o’rab turadi. Janubiy Afrikada Afrikaning deyarli hamma Landshaft tiplari kichraytirilgan masshtabda takrorlanadi, shuning uchun uni ba’zan Kichik Afrika deb ham atashadi. Geologik jihatdan Afrika platformasining bir qismi. Baland yerlarida kembriygacha paydo bo’lgan kristall va paleozoy intruziv jinslari yer yuzasiga chiqib yotadi. Kalaxari botig’i paleogen jinslari bilan qoplangan. Janub qismi gersin burmalanishida vujudga kelgan. Janubiy Afrika zaminida qazilma boylik ko’p, ulardan oltin, uran, kalay, marganes, mis, xromit, asbest, olmos va boshqa sanoat ahamiyatiga ega. Perm davri yotqiziklarida katta toshko’mir konlari bor. Janubiy Afrikaning Markaziy qismi 900-1000 metrli baland tekislik, chekkalari asosan 1500-2800 metrli plato bilan o’ralgan, okeanga tomon tik tushgan va ancha baland (tabana-Ntlenyana tog’i, 3482 metr). Eng Janubiy Kap tog’laridan iborat. Yirik daryolari: Zambezi, Limpopo, Oranj va Kunene. Janubiy Afrika ekvatorial, tropik, subtropik iqlim mintaqalarida joylashgan. Yog’in kam yog’adigan barg to’kuvchi siyrak o’rmonlar, turli tipdagi savanna va cho’llar, eng Janub qismida subtropik doim yashil o’rmonlar bor. Janubiy Afrikada quyidagi davlatlar joylashgan: Botsvana, Zimbabve, Lesoto, Namibiya, Svazilend, JAR, qisman — Angola, Zambiya, Malavi va Mozambik; orollardan — Komor orollari, Madagaskar, Mavrikiy, Seyshel orollari, Frantsiya mulki bo’lgan — Reyunon.