Janubiy okean
Janubiy okean – dunyo okeani (Atlantika, Hind, tinch okeanlari)ning Antarktidani o’rab turgan qismining shartli nomi. Dastlab golland geografi B. Varenius 1650 yilda mustaqil okean sifatida ajratgan. Okeanning chegarasi Janubiy Amerika, Afrika, Avstraliya materiklarining va Tasmaniya hamda yangi Zelandiya orollarining Janubiy chekkalari orqali o’tkazilgan shartli chiziq va Janubiy qutbiy doira, 35-60° j. k.lar orqali o’tkazilgan. Antarktika atlasida Janubiy okeanning shartli chegarasi qilib Antarktika konvergentsiya zonasi (55° j. k. yaqinida) hisoblanadi. Janubiy okeanni alohida ocean qilib ajratishda iqlimning sovuqligi, gidrologik sharoitlar asos qilib olingan. Ammo keyingi tadqiqotlar natijasida Janubiy okeanning Atlantika, tinch va Hind okeanlarga yondosh sektorlarida uning iqlimiy va gidrologik sharoitlari o’sha okeanlarnikiga o’xshashligi ma’lum bo’ldi. Dengizchilik amaliyotida Janubiy okean termini qo’llanilmaydi, chunki dengizchilikka oid o’quv qo’llanmalarida bu tushuncha uchramaydi.