Jarima
Jarima — 1) qonunda belgilangan hollarda undiriladigan mablag’. Jarima jinoiy jazo, ma’muriy va jamoatchilik ta’siri chorasi sifatida qo’llaniladi. Fuqarolik huquqida Jarima shartnomani bajarmagan yoki uning bajarish muddatini o’tkazib yuborgan korxona, tashkilot, muassasalarga, jinoyat huquqida jinoyatchiga (sud tomonidan asosiy yoki qo’shimcha jazo sifatida), ma’muriy huquqda jamoat tartibi, transportdan foydalanish, ov qilish va boshqa tartiblarni buzganlarga solinadi. O’zbekiston MJKga muvofiq, ma’muriy huquqbuzarlik sodir etishda aybdor jismoniy va yuridik shaxsdan davlat hisobiga pul undiriladi. Fuqarolarga solinadigan Jarimaning eng kam miqdori eng kam ish haqining 50 dan bir qismidan, mansabdor shaxslarga esa — 10 dan bir qismidan kam bo’lmasligi, eng ko’p miqdori eng kam ish haqining 5 baravaridan, mansabdor shaxslarga esa 10 baravaridan oshmasligi kerak (qonunda nazarda tutilgan ayrim hollarda ba’zi huquqbuzarliklar uchun Jarima miqdori oshirilishi mumkin). Jarima mahalliy davlat hokimiyati organlari, qonun bilan vakolat berilgan boshqa organlar yoki mansabdor shaxslar tomonidan solinadi; 2) sportda — qoidani buzganlik uchun beriladigan jazo (Masalan, Jarima to’pi).