Jarqaldirg’ochlar

Jarqaldirg’ochlar (Apodes) – uzun qanotlilar turkumiga mansub qushlarning kenja turkumi. 86 turi bor. Chekka shimol bilan chet janubdan boshqa hamma joyda, tekislik va tog’ yalangliklarida uchraydi. Daraxt kovaklariga, uylarga, tik qoyalardagi yoriqlar va boshqa joylarga uya soladi. Qora Jarqaldirg’ochlar Hindiston va Afrikada qishlaydi. O’zbekistonda 5 turi yashaydi, shundan 3 turi uya quradi. Qora Jarqaldirg’ochlar martning o’rtalarida uchib keladi, 2-3 hafta o’tgandan keyin uya qurishga kirishadi. 4 tagacha tuxum qo’yadi. 11 — 16 kunda tuxumdan jo’ja chiqadi. Jo’jasi 38-40 kunda uchirma bo’ladi. Ob-havo noqulay yillari uyada 56 kungacha qolib ketadi. Jarqaldirg’ochlar xasharotlar, o’rgimchaklar bilan oziqlanadi. Hashoratlarni qirib, xo’jalikka foyda keltiradi.