Jarqo’rg’on minorasi
Jarqo’rg’on minorasi – Surxondaryo viloyati Jarqo’rg’on tumani Minor qishlog’ida joylashgan me’moriy yodgorlik (1108-09). Xuroson me’morlik maktabi an’analari asosida barpo etilgan. Yonida bir vaqtlar pishiq g’ishtdan qurilgan jome masjid bo’lgan (saqlanmagan). Jarqo’rg’on minorasi 8 qirrali poydevor ustiga g’ishtdan mavj shaklida terilgan 16 plitavor qobirg’adan iborat. 20 metr balandlikda g’ishtin panjarali ravoqlar ishlanib, uning ustida kufiy yozuvli belbog’ hoshiya bor. Belbog’ ustida yana qirralar davom ettirilgan, lekin minora tepasi saqlanmagan. N. N. Karazin rasmida masjid va minora xarobasi aks ettirilgan (1879 y.). Minoraning hozirgi balandligi 21,6 metr, asosi (diametri — 5,4 m)ning kitobasida me’mor nomi Ali ibn Muhammad Saraxsiy va qurilgan sanasi yozilgan (V. A. Shishkin tomonidan O’qilgan). Jarqo’rg’on minorasi ta’mirlangan, davlat tomonidan muhofaza qilinadi.