Jibuti, Jibuti Respublikasi

Jibuti, Jibuti Respublikasi (Republigue de Djibouti) — Afrikaning shimoli-sharqidagi davlat. Maydoni 23,4 ming km2. Aholisi 650 ming kishi (1999). Poytaxti — Jibuti shahri. Ma’muriy jihatdan Jibuti tumani va 4 okrugga bo’linadi. Davlat tuzumi. Jibuti — respublika. Amaldagi Konstitutsiyasi 1992 yil 15 sentabrda kuchga kirgan. Davlat boshlig’i — Prezident (1999 yildan Ismoil Umar Gellex). Qonun chiqaruvchi hokimiyati — bir palatali parlament — millat Majlisi. Ijroiya hokimiyati — prezident va hukumat (Vazirlar kengashi). Tabiati. Jibuti hududi shimoli-g’arbda Adan qo’ltig’iga tutash, qirg’oqlari unchalik parchalanmagan. Birdan bir yirik qo’ltig’i — Tajura mamlakat hududiga 58 kilometr kirib boradi. Yer yuzasida keng tog’li joylar va lavaizlari qolgan past platolar uchrab turadi, o’chgan vulqonlarning konuslari ko’zga tashlanadi. Shimoli-Sharqda Danakil tog’ tizmasining etaklari (Muso Ali cho’qqisi, 2022 metr — mamlakatning eng baland nuqtasi) joylashgan; Jibuti hududining Tajura qo’ltig’idan G’arb va Janubdagi qismi Afar botig’i doirasida. Mamlakatning Markaziy qismini Toshloq, qumloq yoki tuproqli vodiylar egallaydi, ularning pastkam joylarida sho’r ko’l ko’p. Bu ko’llarning eng kattasi dengiz sathidan 153 metr pastdagi Assal ko’lidir. Iqlimi tropik, quruq, iqlim. Yanvarning o’rtacha temperaturasi 27°, iyulniki 35°. Yog’in juda kam yog’adi: yiliga Assal ko’li sohilida 45 mm dan Jibuti shahri. Atrofida 130 millimetrgacha. Doimiy oqadigan daryolari yo’q. O’simlik qoplami cho’l va yarim cho’lga xos o’t-o’lan va butalardan iborat. Danakil tizmasi cho’qqilarida va shamolga ro’para yon bag’irlarida qora archa, zaytun daraxtlari, mimoza va akas o’sadigan siyrak o’rmonlar, vohalarda palmalar uchraydi. Hayvonot dunyosi nochor: voxalar atrofida yirik sut emizuvchilardan oriks kiyiklari, sirtlon, chiyabo’ri, o’rmonlarda maymunlar yashaydi. Qirg’oqqa yaqin suvlarida baliq ko’p. Milliy bog’lari: Day, maskali-mussha. Aholisining 90% ga yaqini kushit tillarida so’zlashuvchi xalqlardan: shimol va shimoli-g’arbda afarlardan, Janubda va Janubi-Sharqda Issa, Isxak va gadaburslardan iborat. Poytaxtda asosan issalar, evropalik (frantsuz, italyan, grek)lar va arablar yashaydi. Rasmiy tili — Arab va frantsuz tillari. Tub joy aholining aksariyati Islomning sunniy mazhabiga, yevropaliklar xristian diniga, afarlarning bir qismi mahalliy an’anaviy dinga e’tiqod qiladi. Shahar aholisi — 81%. Yirik shaharlari: Jibuti, Dikkil, Ali-Sabie, Tajura, Obok. Tarixi. Jibuti hududida saqlanib qolgan irrigasiya inshootlarining qoldiqlariga qaraganda, aholi qadim zamonlarda dehqonchilik bilan shug’ullangan. Miloddan avvalgi 3-asrda bu yerga hind, yunon, fors savdogarlari va Janubiy Arabiston arablari kela boshlagan. 7-asr Islom dini tarqalishi munosabati bilan Jibuti Arab musulmon sultonlariga qaram bo’lib qolgan. 16-asrda Somali yarim oroli portugal, turk va mahalliy aholi o’rtasidagi shiddatli urushlar maydoniga aylangan paytda Jibuti portugallar hokimiyati izmiga o’tdi. 17-asrda yana arablar hukmronligi o’rnatildi. Tub joy aholi ko’chmanchi hayot kechirgan. Boshqaruvchilar va savdo-sotiq tabaqasi arablar bo’lgan. 19-asr o’rtalarida Suvaysh kanali qurilishi munosabati bilan Yevropa davlatlari Jibutini qo’lga kiritishga intildilar. 1832 yilda Frantsiya Jibuti hududining bir qismini egallab oldi. Kanal ochilgach (1869), Jibutining ahamiyati yanada oshdi. 1881-85 yillarda Frantsiya asta-sekin butun Jibutini o’z izmiga o’tkazdi va hozirgi Jibuti shahrini qura boshladi. 1887 yilda Frantsiya mahalliy sultonlar bilan bir qancha shartnomalar tuzish orqali bu yerni o’z mustamlakasiga aylantirdi va uning boyliklarini o’zlashtirishga kirishdi, Jibuti shahrini qizil dengiz bo’yidagi muhim savdo portiga aylantirdi. Bu yerda yirik harbiy-dengiz bazasi barpo etildi. 1896-1946 yillarda mamlakat Frantsiya Somalisi nomi bilan atalib keldi. 1946 yilda u Frantsiyaning «dengiz orti hududi» deb e’lon qilindi. 1967 yilda Frantsiyaning Afar va issalar hududi nomini oldi. Jibuti aholisi mustaqillik uchun zo’r berib kurashdi. Bu kurashda aholining barcha tabaqalari birlashdi. Jibuti ozodligi harakati deb atalgan yashirin tashkilot tuzildi. 1975 yilda Issa va afar xalqlarining siyosiy tashkilotlari o’zaro ittifoq tuzib, haqiqiy mustaqillik uchun kurashni kuchaytirdilar. Nihoyat, Frantsiya 1977 yilda Jibutiga mustaqillik berishga majbur bo’ldi va u Jibuti Respublikasi deb ataldi. Jibuti — 1977 yildan BMT a’zosi. Milliy bayrami — 27 iyun — Mustaqillik kuni (1977). Siyosiy partiyalari, kasaba uyushmalari. Taraqqiyot uchun xalq birligi, hukmron partiya, 1979 yilda tuzilgan; Demokratiya yangilanish partiyasi, 1992 yildan oshkora faoliyat olib boradi; birlik va demokratiyani tiklash fronti, 1991 yil asos solingan. Kasaba uyushmalari markazi — mehnat umumiy birlashmasi 1992 yil Jibuti mehnatkashlari umumiy birlashmasi o’rnida tashkil etilgan. Xo’jaligi. BMT tasnifiga binoan Jibuti — iqtisodiy jihatdan nisbatan kam rivojlangan mamlakatlar qatoriga kiradi. Yalpi milliy mahsulotda xizmat ko’rsatish tarmog’i o’rtacha 77%, sanoat va qurilish 17%, qishloq xo’jaligi 3%ni tashkil etadi. Yalpi ichki mahsulotning 2,4% ni beruvchi sanoat oziq-ovqat mahsulotlari, ko’nchilik buyumlari, qurilish ashyolari ishlab chiqaruvchi mayda korxonalardan, mexanika va tikuvchilik ustaxonalari- dan iborat. Elektr stansiyalar, neft kompaniyalari, transport (qisman) va aloqa, ma’danli suv zavodi, sut zavodi va omixta yem zavodi davlatga qarashlidir. 1 yilda o’rtacha 176 million kVt-soat elektr energiyasi ishlab chiqaradi. Qishloq xo’jaligining asosiy yo’nalishi — ko’chmanchi va yarim ko’chmanchi chorvachilikdir. Qishloq xo’jalik ekinlari yetishtirishga yaroqli yerlar 6 mingdan ko’proq. Jibuti har yili oziq-ovqat mahsulotlarining 90% dan ko’pini chetdan keltiradi. Baliqchilik, marvarid, korall, bulut (suv jonivori) ovlash, dengiz suvini bug’latib tuz olish rivojlangan. Asosiy qishloq xo’jalik ekinlari — kofe, xurmo, meva va sabzavot. Transport — mamlakat iqtisodiyotining eng rivoj topgan tarmog’i. Yaxshi jihozlangan kema tuzatish korxonalari bo’lgan Jibuti porti Hind okeani havzasining g’arbiy qismidagi eng muhim portlardan biridir. Yiliga 2,5 million tonna yuk qabul qilib olinadi va jo’natiladi. Temir yo’l uzunligi — 106 kilometr, avtomobil yo’llari uzunligi — 3,1 ming kilometr, shundan 281 kilometr qattiq qoplamali. Jibuti chetdan oziq-ovqat, sanoat mollari, asbob-uskuna va boshqalar oladi. Chetga go’sht, tirik qoramol, charm va xom teri chiqaradi. Savdo-sotiqdagi asosiy mijozlari: Frantsiya, Efiopiya, Italiya, Yaponiya, Keniya. Pul birligi — Jibuti franki. Madaniyati. Jibutida yagona pulli maorif tizimi joriy etilgan. Bu tizim boshlang’ich va to’liqsiz o’rta maktablarni, 3 litseyni o’z ichiga oladi. Oliy o’quv yurtlari yo’q. Oliy ilmiy-texnika institutida (1979 yilda tashkil etilgan) Jibuti tabiati, tabiiy zaxiralari, arxeologiyasi va an’anaviy madaniyatini o’rganish ishlari olib boriladi. Haftalik hukumat gazetasi — «Revey de Jibuti» («Jibutining uyg’onishi»), «Nason de Jibuti» («Jibuti xalqi») haftanomasi, «Jibuti ojurdyui» («bugungi Jibuti») oynomasi va «Karfur afriken» («Afrika chorrahasi») katolik jurnali nashr etiladi. Jibuti axborot agentligi 1979 yil tashkil etilgan. Jibuti radio eshittirish va televideniyesi hukumat nazoratida; 1956 yil asos solingan.