Jidda

Jidda — Saudiya Arabistonidagi shahar. Aholisi 1,2 milliondan ziyod kishi (1990-yillar o’rtalari). Qizil dengiz bo’yidagi port. Xalqaro aeroport bor. Hijoz viloyatining yirik savdo va sanoat markazi. Marmarga ishlov beriladi. Neftni qayta ishlash, neft- kimyo, tsement, mebel, ko’n poyabzal, to’qimachilik, oziq-ovqat sanoati korxonalari; po’lat quyish, ehtiyot qismlardan avtomobil yig’ish va kema remonti, qog’oz, yog’-moy zavodlari bor. Har xil diniy marosim buyumlari tayyorlab sotiladi. Jidda Makka va Madinaga ziyoratga boruvchilar yo’lidagi tranzit punkt. Universitet (1967) bor. Jidda 1946 yilgacha kichik savdo shahri bo’lgan. Jidda tashqaridan keltiriladigan ichimlik suvi bilan ta’minlangan. Yangi zamonaviy turar joylar, keng ko’chalar, bog’lar, sanoat inshootlari barpo etilgan. Hozirgi vaqtda Jidda mamlakatning diplomatiya ishlari va elchixonalar joylashgan markazi.