Jilovdor

Jilovdor — o’tmishda hukmdor otini qabul qilib oluvchi shaxs. Jilovdor hukmdor otini jilovlash bilan birga, uning otga minishi va tushishiga ko’maklashgan. Jilovdor hokim otxonasiga yaqin xonada istiqomat qilgan va bu xona jilovxona deb atalgan. Hukmdor qarorgohiga kelgan mehmonlarning otlarini Jilovdor olib qolib, to o’z yurtiga qaytguniga qadar oziqlantirgan. Har bir viloyat hokimining maxsus Jilovdori bo’lgan. Buxoro amirligida Jilovdor saroy mansablaridan biri hisoblanib, o’z vazifasiga ko’ra zinbardor «otni egarlovchi», avrangbardor «safar taxti (kursi) ni ko’tarib yuruvchi» hamda Roiz «otlarni parvarish qiluvchi, otboqar» bilan teng mavqega ega bo’lgan.