Jinoiy javobgarlik
Jinoiy javobgarlik – yuridik javobgarlik turlaridan biri, Jinoyat sodir etishning huquqiy oqibati. Jinoiy javobgarlik aybdorga nisbatan jazolash shaklidagi davlat majburlov chorasini qo’llashdan iborat. Jinoiy javobgarlikka jalb etish jinoyat ishini qo’zg’atish, tergov qilishni va sudda muhokama qilishni bildiradi. Huquqiy davlatda jinoyat sodir etganlikda ayblanayotgan har bir shaxs ishi sudda qonuniy tartibda, oshkora ravishda ko’rib chiqilib, aybi aniqlanmaguncha u aybdor hisoblanmaydi. Jinoiy javobgarlikka tortish masalasi qonunlarning tegishli moddalarini qo’llanish orqali hal qilinadi. Bu hol fuqarolar huquqlari va qonuniy manfaatlarini ta’minlashning muhim kafolati hisoblanadi. O’zbekiston Respublikasi JK ga ko’ra, ijtimoiy xavfli qilmish sodir etish paytida qonunda belgilangan yoshga etgan va aqli raso shaxslargina Jinoiy javobgarlikka tortiladi. Jinoiy javobgarlikka jinoyat sodir etishga tayyorgarlik ko’rish, suiqasd qilish; og’ir jinoyat sodir etilayotganligi haqida aniq bila turib, tegishli organlarga xabar bermaslik yoki jinoyat vositasi yoki jinoyat natijasida qo’lga kiritilgan narsalarni olish yoki sotish; shuningdek, jinoyat sodir etilishiga qiziqtirganlik (dalolatchi), tashkil qilganlik (tashkilotchi) va yordam berganlik (yordamchi) ham jinoyat hisoblanadi va Jinoiy javobgarlikni vujudga keltiradi. O’zbekiston Respublikasi JK bo’yicha jinoyat sodir qilgan shaxs muayyan muddat davomida (3 yildan 15 yilgacha) Jinoiy javobgarlikga tortilishi kerak. Agar shu muddat ichida tortilmagan bo’lsa keyin uni Jinoiy javobgarlikga tortish mumkin emas. Biroq tergovdan yoki suddan yashirinib yurganlarga nisbatan bu muddat 25 yil qilib belgilangan. Tinchlik va insoniyat xavfsizligiga qarshi jinoyat sodir qilgan shaxs esa muddat o’tib ketganligidan qati nazar javobgarlikka tortiladi. Mamajon Usmonaliyev.