Jinsiy gigiena

Jinsiy gigiena – jinsiy a’zolar kasalliklaridan, shuningdek, venerik kasalliklardan saqlanish, tug’iladigan farzandning sog’lom, oilaning mustahkam bo’lishini ta’minlash maqsadida ko’riladigan tadbirlar. Erkaklarning jinsiy gigienasi jinsiy a’zolarni toza tutish, venerik kasalliklar yuqishining oldini olish uchun tasodifiy jinsiy aloqalardan o’zini tiyish va hokazolardan iborat. Jinsiy a’zolarni har kuni iliq suvda sovunlab yuvish, o’g’il bola hali go’dakligidayoq uning jinsiy olatini toza tutishga, u ulg’aygani sayin jinsiy a’zosini bot-bot sovunlab yuvib turish va quruq qilib artishga odatlantirib borish lozim. Yosh bolalarga tor ishton, shim kiygizish yaramaydi, aks holda, jinsiy olatni qisib qo’yishi yoki unga infektsiya tushib yallig’lanishi (Fimoz)ga olib kelishi mumkin. Ayollarning jinsiy gigienasi. Ayol organizmining anatomik-fiziologik xususiyatlari (hayz ko’rish, homiladorlik, bola tug’ish, emizish), shuningdek, ularni jinsiy a’zolar kasalliklari va venerik kasalliklardan saqlash hamda oldini olish uchun alohida ozodalik talab etiladi. Tashqi jinsiy a’zolarni go’daklik davridanoq har kuni ertalab va kechqurun iliq (qaynagan) suv yoki kaliy permanganatning nim pushti eritmasi bilan yuvish kerak. Jinsiy a’zolarni yuvishdan oldin qo’lni obdan sovunlab yuviladi. Qiz bola chaqaloqlik va bolalik davrida unda hali jinsiy gormonlar bo’lmagani sababli jinsiy a’zolari alohida anatomik va fiziologik xususiyatlarga ega bo’ladi; qin epiteliysi 2-3 qavat hujayralardan iborat (yetuk yoshdagi ayolda 40-50 qavat), qinda maxsus mikroorganizmlar — qin tayoqchalari bo’lmaydi. Shu sababli bu a’zoda turli yallig’lanish kasalliklari oson yuzaga keladi. Qizamiq, skarlatina va boshqa umumiy kasalliklar oqibatida qinga infektsiya tushishi mumkin. Hatto gijjalar to’g’ri ichakdan chiqib qinga kirish hollari ham kuzatiladi. Bunda qizaloq qichinganligi uchun teri va shilliq pardalari tirnalib, infektsiya kiradi va yallig’lanish kasalliklari vujudga keladi. Bu esa og’irroq oqibatlarga olib kelishi mumkin — qizlik pardasi, qin berkilib qolishi yoki surunkali yallig’lanish kasalliklari — kolpit (qin yallig’lanishi) va boshqalar yuzaga kelishi mumkin. Jinsiy a’zolar gigienasi uchun ishlatiladigan buyumlar toza joyda alohida saqlanishi, ularni hech kim tutmasligi kerak. Qiz bolalarning jinsiy a’zolari qay ahvolda ekanligiga doim ko’z-quloq bo’lib turish lozim: tozalikka rioya qilish, jinsiy a’zolarini, oraliq sohasini muntazam yuvib turish, ich kiyimlarini tez-tez almashtirib, ularni qaynatib yuvish va dazmollash, qiz bola kiyimlari, sochiq va boshqalarni alohida saqlash va hokazolar. Qiz bolaning balog’atga yetish davri alohida e’tiborni talab etadi. Unga hayz boshlanishi, uning mohiyati va u kasallik emas, balki fiziologik holat ekanini oldindan tushuntirish lozim, toki kutilmaganda hayz boshlansa, u sarosimaga tushmasin. Hayz ko’rish kunlarida badanni toza tutish va tashqi jinsiy a’zolarni yuvishdan tashqari, qo’shimcha gigiena choralarini ko’rish zarur. Bu davrda shamollash, gripp va boshqa infektsiyalardan ehtiyot bo’lish, ochiq havzalarda, vannada cho’milmaslik, og’ir ish qilmaslik lozim. Faqat yengil dush qabul qilish mumkin. Eri bilan turgan ayol jinsiy hayot gigienasiga ayniqsa jiddiy rioya qilishi, yiliga kamida bir marta ayollar konsultatsiyasiga borib turishi kerak. Jinsiy a’zolarda o’zgarish sezilsa (og’riq, hayz qonining ko’p yoki oz ketishi, oqchil kelishi va hokazolar) vrachga murojaat qilish zarur. Yuqorida aytilgan gigiena choralari ayol hayotining klimakteriy va qarilik davrlarida ham amalga oshiriladi. Umuman xoh ayol, xoh erkak Jinsiy gigiyenaga to’la-to’kis amal qilsa, har qanday noxushliklarning oldi olinadi. Berdimurod Saidqoriyev.