Jinsiy gormonlar

Jinsiy gormonlar – odam va umurtqali hayvonlar jinsiy bezlarida ishlanadigan biologik faol moddalar. Birlamchi jinsiy belgilar (gonadalardan tashqari) va ikkilamchi jinsiy belgilar namoyon bo’lishini ta’minlaydi. Jinsiy gormonlar kimyoviy tuzilishiga ko’ra, steroidlar va polipeptidlarga ajratiladi. Steroid gormonlar androgenlar, estrogenlar va progestinlar (gestagenlar)ga bo’linadi. Erkaklar jinsiy gormonlari — androgenlar urug’donning ma’lum hujayralarida sintezlanadi; molekulasi 19 uglerod atomidan iborat. Eng asosiysi — testosteron. Ayollar jinsiy gormonlari — estrad iol , estron tuxumdon follikulalarida ishlab chiqariladi, ular 18 uglerod atomidan tuzilgan; progestinlar tuxumdonning sariqtanasida va boshqa struktur elementlarda sintezlanadi. Molekulasi 21 uglerod atomidan tashkil topgan. Eng asosiysi — progesteron. Jinsiy gormonlar buyrakning mag’iz qavatida, homiladorlikda esa plasentada ham ishlanadi. Jinsiy gormonlar organizmning erkaklik yoki urg’ochilik xarakterini belgilaydi. Organizm balog’atga etishi davrida Jinsiy gormonlar jinsiy hisni shakllantirish hamda Markaziy nerv sistemasini faollashtirish funktsiyasini bajaradi. Estrogen va gestagen gormonlarning o’zaro ta’siri tufayli otalangan urug’ hujayra bachadonga o’rnashib, homiladorlik va tug’ruqning maromida kechishini ta’minlaydi. Bevosita tuxumdonda sariq tanada, shuningdek, bachadon va boshqa a’zolarda hosil bo’ladigan oqsil tabiatli Jinsiy gormonlardan relaksin (homiladorlikni saqlaydi, bachadon tonusini susaytiradi hamda chanoq suyagi bo’g’imlari boylamini bo’shashtiradi); urug’don, urug’kanalchalari va tuxumdon follikulalarida yetiladigan ingibin (gipofizda follikulni stimullovchi gormon ajralishini boshqaradi) muhim ahamiyatga ega. Jinsiy gormonlar tibbiyotda endokrin, akusher-ginekologik kasalliklarni davolash hamda ko’krak bezi, prostate bezida xavfli o’smalar hosil bo’lishi jarayonining oldini olish maqsadida qo’llaniladi.