Jinsiy tarbiya
Jinsiy tarbiya – bolalar, o’smirlar va yoshlarda jins masalalariga nisbatan to’g’ri munosabatni shakllantirib borishga qaratilgan tibbiy va pedagogik tadbirlar tizimi; tarbiya jarayonining muhim qismi. Jinsiy tarbiya shaxsning jismoniy, aqliy, ma’naviy va estetik rivojlanishi bilan bevosita bog’liq. Jinsiy tarbiyaning asosiy vazifasi yosh avlodning yaxshi o’sib-unishiga, zurriyot berish funktsiyasini bekamu ko’st qilib shakllantirishga, nikoh va oilani mustahkamlashga yordam berishdan iborat. Jinsiy tarbiyani bolalarning yoshi, jinsi va malakasiga mos tushadigan qilib olib borish zarur. Ko’plar Jinsiy tarbiyani balog’at yoshida boshlash kerak deb hisoblashadi. Bu noto’g’ri, chunki bunga taalluqli ayrim masalalarni bolaning yoshligidan boshlab hal qila borish kerak. Ko’pgina ota-onalar jins masalasini muhokama qilish odobdan emas deb o’ylab yoshlarni qiziqtiradigan masalalar to’g’risida so’zlashmaslikni lozim ko’rishadi. Natijada, bolalar atrofdagilardan, ko’pincha tasodifiy manbalardan ko’r-ko’rona ma’lumotlar olib, o’zlarini qiziqtirgan mavzular yuzasidan aksari noto’g’ri tasavvurga ega bo’lib qoladilar. Avvalo, yoshlar jins orasidagi tafovutlar, ular jinsiy a’zolarining tuzilishi va mohiyati haqida tasavvurga ega bo’lishlari lozim. Buni maktab yoshidan boshlagan ma’qul. Ma’lumki o’smirlik davriga kelib gormonal o’zgarishlar, balog’atga yetish, jismoniy yetilish tufayli qarama-qarshi jinsga qiziqish paydo bo’ladi. Xuddi shu davrda ular jinsiy a’zolarning anatomik va fiziologik xususiyatlaridan boxabar bo’lishlari lozim. Jinsiy tarbiya jarayonini shartli ravishda bir nechta bosqichga ajratish mumkin. Maktabgacha tarbiya yoshidagi bolalarga oddiy gigiena malakalari va yurish-turish qoidalarini o’rgatib borish, organizmni chiniqtirish muhim, chunki ularning jinsiy jihatdan rivojlanishi umumiy jismoniy rivojlanishiga bog’liq. Bolalar tarbiyasi va parvarishida badanning erogen zona deb ataladigan joylari ta’sirlanmasligiga e’tibor berish, ularga noqulay, tor kiyim kiygazmaslik, gijja kasalliklari bo’lsa, vaqtida davolatish zarur. Shu yoshdagi bolalarda, odatda, ro’zg’or ishlariga qarashish istagi paydo bo’ladi, ota-onalar bu istakni rag’batlantirib turishlari, o’g’il bolalardan qizlarga yordam berishni talab qilishlari lozim. Bolada javobgarlik, burch, boshqalarga mehr-muhabbat va hurmat bilan qarash hissini shakllantirib borish muhim. Bolalar uyda biror ish, maktabda esa tayinli bir vazifa bilan band bo’lishi Jinsiy tarbiyada muhim ahamiyatga ega. Balog’atga yetish davridagi Jinsiy tarbiya, birinchi galda, shu davrda o’smirning organizm va shaxsiyatida bo’ladigan o’zgarishlarni hisobga olishi lozim. Qizlar 12-14 yoshda, o’g’il bolalar esa 13-15 yoshda o’smirlikka qadam qo’yishadi, bu davrda ularning ichki dunyosi boyib, endokrin bezlari, ayniqsa, jinsiy bezlarining faoliyati kuchayadi, asta-sekin jinsiy mayl uyg’ona boshlaydi. Balog’atga yetish jarayonida jinsiy ong qaror topa boshlaydi. Onalar sharqona fe’limizdagi qon-qoniga o’tib kelayotgan oriyat tuyg’usi, avlodlarning sha’nini pok saqlash yo’lidagi andisha tuyg’usi qizlar uchun javohirlardan ham yuksakroq ekanligini yo’l-yo’lakay uqtirib borishlari lozim. Qizlarni ma’naviy kamol toptirish uchun ular ruhiyatiga mas’ullik, burch, uyat, Mehribonlik, fidoyilik, vafo fazilatlarini singdirib borishlari darkor. Shuningdek, iffat, vijdoniy poklik, nomus, hayo qizlar tabiatiga xos fazilat ekanligini tushuntirib qo’yish muhim. Balog’at yoshidagilar bu davrdagi gigiena masalalari tushunchalarini tasodifiy o’rtoqlaridan emas, balki ota-onalari, pedagoglar va maktab vrachlaridan olishlari muhim. Xususan bu davrda qizlarni hayz ko’rishga, o’g’il bolalarni esa ixtilom bo’lib turishga tayyorlash, bu fiziologik hodisalar tabiiy hol ekanligini, ular boshlanganida qanday gigiena qoidalariga amal qilish kerakligini qizlarga onasi, o’g’illariga otasi yoki yaqin kishilari tushuntirib berishi kerak. Yoshlar o’zlarida paydo bo’lib boradigan allanechuk istaklarni hamisha ham jilovlab ololmaydi, qarama-qarshi jinsdagi o’z tengqurlari oldida endi o’zlarini noqulay his qiladigan bo’lishadi. Mana shu davrda yoshlar o’zlarini qiziqtiradigan ishlar b-n band bo’lsa, ko’ngli odamlarga xayrixohlik bilan to’lib-toshib tursa, ularda jins masalalariga odatdan tashqari qiziqish paydo bo’lmaydi. Shuning uchun yoshlardagi ijodiy mayllarni, ko’p qirrali qiziqishlarni tarbiyalab borish, ularning jismoniy tarbiya va sport bilan shug’ullanishlarini targ’ib qilish nihoyatda muhim. Chunki jismoniy tarbiya va sport yoshlarning ortiqcha kuch-quvvati va vaqtini band qilib, organizmning har tomonlama kamol topishiga, baquvvat bo’lishiga yordam beradi. Ota-onalar va pedagoglar eshlarni hurmat qilib, ularning fikrlari bilan qiziqishlari va o’rtoqlashishlari lozim. Odam jismonan va ruhan balog’atga etganidan keyin chin muhabbat paydo bo’ladi. Bunday muhabbat o’zaro hurmat, dunyoqarash va qiziqishlarga hamohang bo’lsa insonning hayotini boyitadi va mustahkam oila qurish uchun negiz yaratadi. Ad.: Xodakov N. M., Yosh kelin-kuyovlarga |2-nashri] T., 1986; Shoumarov Sh., Shoumarov F., Muhabbat va oilaviy hayot, T., 1990. Berdimurod Saidqoriyev.