Jiraf, jirafa
Jiraf, jirafa (Giraffa camelopardalis) — jirafalar oilasining bir turi. Tanasi kalta, bo’yni juda uzun, balandligi 5,5 metrgacha, vazni 1000 kilogrammgacha. Erkagi urg’ochisiga nisbatan yirik. Boshqa sut emizuvchilarga qaraganda qon bosimi yuqori (o’rtacha 220/ 160 millimetr simob ustuni). Jiraf tez harakatlanganida bo’yin venasidagi klapanlar qon bosimining keskin ko’tarilib tushishiga imkon bermaydi. Oldingi oyoqlari orqa oyoqlariga nisbatan ancha uzun va kuchli. Urg’ochi va erkak Jiraf boshida yungli teri bilan qoplangan 1-2 juft kalta suyak shoxlari bor. Rangi har xil, odatda ochiq sarg’ish tusli yungida yirik qora xollari bo’ladi. Afrika qit’asining Sahroi Kabirdan Janubdagi hududlarning savannalari va juda siyraklashgan o’rmonlarida, ko’pincha 10-12 ta hayvondan iborat poda bo’lib yashaydi. Kunduzi faol hayot kechiradi. Daraxtlar, asosan, akasiya barglari va novdalari bilan oziqlanadi. Bitta bola tug’adi. Jiraf, asosan, milliy bog’larda saqlanib qolgan. Tutqinlikda ko’payadi.