Jiyda
Jiyda (Elaeagnus L.) — jiydadoshlar oilasiga mansub daraxt yoki buta. Janubiy Yevropa, Markaziy va Sharqiy Osiyo, Shimoliy Amerikada o’sadigan 40 ga yaqin turi bor. O’rta Osiyo, xususan O’zbekistonda Jiydaning qarg’ajiyda. (E. angystifola; yovvoyi holda o’sadi), Sharq jiydasi (E. orientalis), tikanakli J. (E. pungens), kumushsimon Jiyda (E. argentea), non Jiyda (E. cdulls) turlari o’sadi. Sharq Jiydasining bargi oddiy, ensiz, kumushrang. Daraxti 8-10 metr, shoxlari siyrak, tikanli yoki tikansiz. Guli ikki jinsli, sariq, serasal, xushbo’y, efir moyli. Mevasi sarg’ish, mag’izsiz danakli, eti 31,2—88,7%, unsimon, xushxo’r. Tarkibida 46-65% qand, 10% oqsil, 1,3% kislota, 200 mg% S vitamini mavjud. Jiydaning mevasi yangiligida yoki quritib iste’mol etiladi. Mevasidan spirt va kuchsiz alkogolli ichimliklar tayyorlanadi. Tabobatda oshqozon-ichak kasalliklarini davolashda ishlatiladi. Yog’ochidan turli xil buyumlar yasaladi, parfyumeriya sanoatida, gulidan efir moy olinadi. Jiyda qurg’oqchilikka chidamli, yer osti suvlari yuza va sho’r tuproqlarda ham o’saveradi. Danagidan, ildiz bachkisidan va qalamchasidan ko’payadi. Ko’chati o’tkazilgach, 3-5 – yili hosilga kiradi. May—iyun oyida gullaydi, mevasi sentabr—oktabrda pishadi. Bir tupi 50 kilogrammgacha hosil beradi. Jiyda 60-80 yil yashaydi. Non Jiyda mevali daraxt sifatida ekiladi, o’rta bo’yli daraxt. Sernam yerlarda yaxshi o’sadi. Serhosil. Mevasi yirik, mazali, qizg’ish-qo’ng’ir rangli. O’zbekiston o’rmonchilik ilmiy tadqiqot institutida uning 20 ga yaqin navi ta’riflangan (qizil Jiyda, Ra’no, Urganch, Xurmoy, Toshkent deserti, Cho’li qandak, Qizil qandak va boshqalar). Hozirgi davrga kelib sanoat ahamiyatini yo’qotdi. O’zbekiston, Tojikiston va ko’pgina mamlakatlarda ayrim tomorqa bog’larida havaskorlar ekadi. Ko’proq yo’l yoqalari, kanal bo’ylari, dala-ihota o’rmon mintaqalari, tashlandiq yerlarga ekiladi. Tuproqni azot bilan boyitadi. Azimov E., Non jiyda, T., 1967.