«JIZZAX DON MAHSULOTLARI» aktsiyadorlik jamiyati

«JIZZAX DON MAHSULOTLARI» aktsiyadorlik jamiyati – oziq- ovqat sanoati korxonasi. Jizzax viloyati Jizzax tumanida joylashgan. «O’zdonmahsulot» davlat aktsiyadorlik korporasiyasi tarkibiga kiradi. 1972 yilda ishga tushirilgan. Asosan un, aralash yem va makaron ishlab chiqaradi. Korxona sutkasiga 240 tonna bug’doy uni, 210 tonna aralash yem, 180 kilogramm makaron ishlab chiqarish quvvatiga ega. Korxona 1972-83 yillarda Jizzax un kombinati, 1983— 92 yillarda Jizzax don mahsulotlari kombinati, 1992-95 yillarda «Jizzax don mahsulotlari» ishlab chiqarish birlashmasining bosh korxonasi, 1995 yildan hozirgi nomda va ochiq turdagi aktsiyadorlik jamiyati. 1972 yil korxonada 47 ming tonna sig’imga ega elevator (don saqlash bo’limi), 2 ming tonna un saqlashga mo’ljallangan omborxona qurilgan, 1976 yildan 17 ming tonna sig’imga ega elevator ishlaydi. Korxona Shveytsariyaning «Byuller» firmasi texnologik uskunalari bilan jihozlangan.