«JIZZAXPLASTMASSA» aktsiyadorlik jamiyati

«JIZZAXPLASTMASSA» aktsiyadorlik jamiyati – plastmassa mahsulotlari ishlab chiqaradigan korxona. «O’zkimyosanoat» uyushmasi tizimida faoliyat ko’rsatadi. Respublika sanoatini rivojlantirish va Jizzax viloyatidagi cho’l zonasini o’zlashtirish maqsadida 1960 yilda Jizzax plastmassa quvurlari zavodi qurilishi loyihalashtirildi. Zavod o’zining birinchi mahsuloti — polietilen plyonkalar va mashinasozlik uchun butlovchi buyumlarni 1972 yildan boshlab ishlab chiqara boshlagan. 1980 yilda zavod qayta rekonstruktsiya qilindi va polietilen quvurlar ishlab chiqaradigan plastmassa zavodiga aylantirildi. 1996 yilda Germaniya va Xitoyda ishlab chiqarilgan zamonaviy texnologiyalar o’rnatilib, polietilen plyonka ishlab chiqarila boshladi va shu yili hozirgi nomidagi aktsiyadorlik jamiyatiga aylantirildi. Yiliga 10 ming tonnagacha plastmassa quvur, 18200 tonna polietilen plyonka ishlab chiqarish quvvatiga ega. Sho’rtangaz majmuining ishga tushirilishi munosabati bilan qo’shimcha 3 ming tonna yuqori issiqlikka chidamli polietilen plyonkalar va xalq iste’moli mollari ishlab chiqarish yo’lga qo’yildi. Mahsulotlari respublika ichki ehtiyojlariga ishlatiladi.